Qurolli Kuchlar miqyosida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor mutaxassis” tanlovining gʻolib va sovrindorlari aniqlandi

09:32 28 Noyabr 2019 Jamiyat
567 0

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli Jizzax viloyatidagi “Forish” togʻ dala-oʻquv poligonida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari miqyosidagi “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi.

Ushbu nufuzli musobaqada Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy okrug va boʻlinmalar bilan bir qatorda Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlari boʻlinmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari oʻzaro kuch, salohiyat va kasbiy mahoratini sinovdan oʻtkazdi.

“Men gʻolib!” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur musobaqa harbiy xizmatchilar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, ular orasidan eng ilgʻorlarini aniqlab, masʼul lavozimlarga tayinlash hamda istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritish, kichik va oʻrta komandirlik lavozimidagi harbiy xizmatchilarning professional intilishini ragʻbatlantirish, kasbiy mahorati va bilimlarini yuksaltirishga qaratilgan.

Okruglar miqyosida saralab olinib, tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar “Eng ilgʻor harbiy qism komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor guruh komandiri”, “Eng ilgʻor serjant” nominatsiyalari boʻyicha bellashdi.

Dastlab jismoniy tayyorgarlik hamda otish tayyorgarligi boʻyicha belgilangan meʼyorlarni muvaffaqiyatli bajargan tanlov ishtirokchilari qisqa vaqt ichida avtomatni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, oʻqdonni oʻq bilan toʻldirish va boʻshatish, nishonlarga oʻq otish, granata uloqtirish kabi topshiriqlarni bajardi. Bundan tashqari, turnikda tortilish, 100 metr va 3 kilometr masofaga yugurish, “Razvedkachilar yoʻlagi” majmuaviy toʻsiqlaridan oʻtish boʻyicha amaliy meʼyorlar boʻyicha koʻnikmalarini namoyish etishdi.

Besh kun davom etgan bellashuvda harbiy topografiya, texnik va taktik tayyorgarlik boʻyicha belgilangan amaliy topshiriqlar, mutaxassislik boʻyicha test sinovi, oʻquv filmi va referatlar tekshirildi. Mudofaa vazirligi tomonidan tayinlangan masʼul ofitserlardan iborat hakamlar hayʼati har bir lahzani sinchiklab kuzatdi va xolisona baholadi.

Tanlovning tantanali yopilish marosimida ishtirok etgan Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov ushbu musobaqaning nufuzi yildan-yilga yuksalib borayotgani erishilgan yuqori natijalarda yaqqol aks etganini taʼkidladi.

Eslatib oʻtamiz, “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari 2020-yil 14-yanvar – Vatan himoyachilari kunida tantanali tarzda taqdirlanadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?