Qurilish vazirligi Toshkent shahrida qurilayotgan koʻp qavatli binolarni oʻrganmoqda: 5ta bino noqonuniy qurilgani maʼlum qilindi

14:43 18 Fevral 2021 Iqtisodiyot
666 0

Qurilish vazirligi hamda Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi poytaxtimizda xususiy investorlar hisobidan qurilayotgan bir qancha koʻp qavatli turar-joy binolarining holati oʻrganib chiqilgani va Toshkent shahrida koʻp qavatli turar-joy binolari tasdiqlanmagan va ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan loyiha hujjatlarisiz, qurilish-montaj ishlarini boshlash yuzasidan vakolatli organni xabardor qilmagan holda, qurilish ishlari amalga oshirilayotganligini aniqladi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati maʼlum qildi.

Bular:

1. Toshkent shahar, Olmazor tumani, Beruniy koʻchasi 8-uy manzilida joylashgan “HUMO SARBON” MCHJ tomonidan «Koʻp qavatli mehmonxona binosi» qurilish ishlari boshlab yuborilganligi va Toshkent shahar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali roʻyxatdan oʻtmagani aniqlangan. Tekshiruv jarayonida maʼlum boʻlgan huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha 2020-yil 15-dekabrda 2584-sonli bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatma berilgan. Ushbu yozma koʻrsatma talablari belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “HUMO SARBON” MCHJ rahbari oʻrinbosari Karimov Husan Gʻofurjanovichga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻrish yuzasidan 2021-yil 21-yanvarda Toshkent shahar Olmazor tumani maʼmuriy sudiga chora koʻrish boʻyicha yigʻma ish jildi yuborilgan va Oʻzbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik Kodeksining 20-moddasiga muvofiq yuqorida koʻrsatilgan noqonuniy ravishda qurilayotgan qurilmalarni bartaraf etishni, aholi xavfsizligini va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 41-sonli qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Aholi punktlari kompleks qurilishini nazorat qilish Toshkent shahar Olmazor tumani hududiy ishchi guruhi komissiyasi raisiga 2021-yil 25-yanvarda 292-sonli xat orqali yuqorida koʻrsatilgan huquqbuzarlarga nisbatan chora koʻrish masalasini atroflicha koʻrib chiqib, oʻrnatilgan tartibda tegishli chora koʻrish va qilingan ishlar natijasi boʻyicha maʼlumot berish soʻralgan. Shunga qaramasdan bugungi kunda qurilish montaj ishlari toʻxtatilmagan hamda inspeksiyadan roʻyxatdan oʻtilmagan.

2. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, J.Shoshiy 2-tor koʻchasi, 4-uy va Askiya koʻchasi 36, 36/1-uylar yonida “INSOFT INVEST” MCHJ tomonidan “Kam qavatli binolarni buzilishi hisobiga pastki qavatlarida savdo va maishiy doʻkonlari joylashgan koʻp qavatli turar-joy binolari”ning qurilish ishlari boshlab yuborilganligi aniqlangan. Mazkur qurilish obyekti ham Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-sonli qaroriga asosan Toshkent shahar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali roʻyxatdan oʻtmagan. 2020-yil 7-mayda moliyalashtirish manbalaridan qatʼiy nazar qurilish obyektlariga, subyektning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda, hech qanday toʻsiqsiz kirish hamda ruxsat hujjatlari mavjudligi va shaharsozlik meʼyorlari hamda qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish olib borilib, tekshiruv jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha 2020-yil 27-maydagi 730-sonli bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berilgan va ular belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “INSOFT INVEST” MCHJ rahbari Qurbonov Maxsud Ziyatovichga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻrish yuzasidan 2020-yil 5-iyunda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani maʼmuriy sudiga hujjatlar toʻplami taqdim qilingan va Oʻzbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Yuqorida koʻrsatilgan talablarni bajarmaganligi uchun qurilishni toʻxtatishga takroran berilgan va 2020-yil 21-oktyabrdagi 2127-sonli yozma koʻrsatma talablari belgilangan muddatlarda bajarilmagani uchun “INSOFT INVEST” MCHJ masʼul mansabdor shaxsiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrilgan, yana takroran Yakkasaroy tuman maʼmuriy sudi raisi nomiga 2020-yil 23-oktyabrda 2549-sonli xat bilan yuborilgan. Shunga qaramasdan bugungi kunda qurilish montaj ishlari toʻxtatilmagan hamda qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda inspeksiyadan roʻyxatdan oʻtilmagan.

3. Toshkent shahar, Olmazor tumani, Sagʻbon 30-berk koʻchasi manzilida joylashgan “SNAUX AJ INVEST» MCHJ tomonidan “Koʻp qavatli turar joy binosi” qurilish ishlari boshlab yuborilganligi aniqlangan. Mazkur qurilish obyekti ham Toshkent shahar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali roʻyxatdan oʻtmagan. Tekshiruv jarayonida aniqlangan huqukbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha 2020-yil 18-avgustda 1158-sonli bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatma berilgan. Ushbu yozma koʻrsatma talablari belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “SNAUX AJ INVEST» MCHJ rahbari Sayfullayev Komiljon Qobiljon oʻgʻliga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻrish yuzasidan 2020-yil 25-avgustda Toshkent shahar Olmazor tumani maʼmuriy sudiga chora koʻrish boʻyicha yigʻma ish jildi yuborilgan va Oʻzbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Ammo shunga qaramasdan bugungi kunda qurilish montaj ishlari toʻxtatilmagan hamda inspeksiyadan roʻyxatdan oʻtilmagan.

4. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Bobur koʻchasi 42-uy manzilida “ZARAFSHON BUILDING” MCHJ tomonidan Toshkent shahar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali roʻyxatdan oʻtmasdan “Mavjud binolarni pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi boʻlgan koʻp qavatli mehmonxona hamda turar joy binolariga ixtisoslashtirib rekonstruksiya qilish” boʻyicha qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Tekshiruv jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha 2020-yil 25-avgustdagi 1272-sonli bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatma berilgan. Ushbu yozma koʻrsatma talablari belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “ZARAFSHON BUILDING” MCHJ rahbari Sunnatov Mehriddin Hamroboyevichga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻrish yuzasidan 2020-yil 9-sentyabrda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani maʼmuriy sudiga hujjatlar toʻplami taqdim qilingan va Oʻzbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Jamiyat tomonidan 2020-yil 11-sentyabrda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagunga qadar qurilish-montaj ishlarini toʻxtatib turish toʻgʻrisida 35-sonli kafolat xati berilgan. Biroq, “ZARAFSHON BUILDING” MCHJ tomonidan qurilish-montaj ishlari toʻxtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan roʻyxatdan oʻtish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Yuqorida koʻrsatilgan talablarni bajarmaganligi uchun takroran 2021-yil 9-fevralda qisqa muddatli tekshiruv oʻtkazilib, shu sanada 345-sonli yozma koʻrsatma berilgan. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagunga qadar qurilish-montaj ishlarini toʻxtatib turish toʻgʻrisida 2021-yil 10-fevraldagi 16-sonli kafolat xati taqdim qilingan.

5. “UCHTEPA QALQON” MCHJ korxonasi Toshkent shahar, Sergeli tumani, Sergeli-5 mavzesi, M.Tursunzoda koʻchasi boʻyida «Yertoʻlasi (podvoli) boʻlgan toʻqqiz qavatli turar-joy binosi»ni qurish uchun ruxsatnoma olmasdan boshlab yuborgan. Noqonuniy qurilmaga chora koʻrish uchun Aholi punktlari kompleks qurilishini nazorat qilish Toshkent shahar Sergeli tumani hududiy ishchi guruhi komissiyasi raisiga vakolat doirasida chora koʻrishi uchun bir necha bor hatlar chiqarilgan. Hokimiyat va tuman Prokuraturasi tomonidan bir necha bor ogohlantirishlar natijasida esa imoratning qurib bitkazilgan 6- va 7-qavatlarigacha boʻlgan qismining sifatini instrumental texnik taftishdan oʻtkazishga inspeksiya qoshidagi qurilish sinov laboratoriyasi va bino-inshootlarni texnik holatini oʻrganish boʻlimi bilan shartnoma tuzib, Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat Inspeksiyasi roʻyxatidan oʻtgan va 2018-yil 6-iyunda 330-R sonli qurilish ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma berilgan. Ammo imorat yuzasidan instrumental texnik xulosani buyurtmachi shartnoma asosida toʻliq toʻlov pulini toʻlamagan va tayyorlab qoʻyilgan instrumental texnik xulosani olmagan. Qurilish obyektida qurilish montaj ishlari yuzasidan olib borilgan monitoringlar davrida sifatsiz bajarilgan ishlar va instrumental texnik tekshiruvda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmaganligi yuzasidan 2018-yil 19-iyul kuni 1286, 1287 va 1288 sonli yozma koʻrsatmalar berilgan, ammo “UCHTEPA QALQON” MCHJ korxonasi tomonidan kamchiliklar bartaraf etilmasdan qurilish ishlari nomaʼlum sabablarga koʻra quruvchi tomonidan vaqtincha toʻxtatib qoʻyilgan. Qurilish montaj ishlari boshlanishi bilan inspektor tomonidan 2019-yil 28-oktyabr kuni 2938, 2939 va 2940-sonli yozma koʻrsatma berilgan. Koʻrsatma talablari bajarilmasdan, imoratning qurilishi tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlaridan chetlashgan holda qurilish ishlari uzil kesil yana davom ettirilib kelingan. 2020-yil 18-fevralda 390-sonli va 5-iyulda 1048-sonli yozma koʻrsatma talablarini bajarish lozimligi haqida “Ogohlantirish xat”lari joʻnatilgan. “UCHTEPA QALQON” MCHJ tomonidan barcha koʻrsatmalar befarq qoldirilib, qurilish ishlarini davom ettirayotganligi uchun inspeksiya tomonidan 2021-yil 12-yanvar kuni 88-son bilan yozma koʻrsatma va ogohlantirish xatlaridagi talablarni bajarmasdan qurilish-montaj ishlarini davom ettirilayotganligi sababli “Qurilishi bitgan imoratlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi”ni rasmiylashtirishda Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat Inspeksiyasi qatnashmasligini maʼlum qilib, navbatdagi “Ogohlantirish xati” joʻnatilgan. Ammo hozirgi kunga qadar qurilish ishlarini amalga oshirayotgan masʼul shaxslar inspeksiyaga kelishmagan. Shuningdek, ushbu obyektni qurayotgan tashkilot “UCHTEPA QALQON” MCHJ korxonasi rahbarlari yuzasidan 2020-yil boshida Ichki ishlar Vazirligi qoshidagi tergov departamenti tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan paytida ham imorat qurilishini toʻxtatish imkoni boʻlmagan.

“UCHTEPA QALQON” MCHJ tomonidan sifatsiz qurilish montaj ishlari hozirga qadar bartaraf etilmagan, imoratning qurilishi tasdiqlangan loyiha hujjatlariga mos kelmaydi.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, hududlarda ruxsat beruvchi tusdagi shaharsozlik hujjatlarisiz qurilayotgan obyektlarni Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-sonli qarorining 5-ilovasiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazish qurilish obyektlarida nazorat tizimining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi dolzarbligini koʻrsatmoqda. Qurilish vazirligi tomonidan shu kabi noqonuniy va sifatsiz qurilmalar yuzasidan yurtimizdagi boshqa hududlar boʻyicha ham maʼlumotlar berish ishlari davom etadi”, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?