Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov sogʻligi tufayli lavozimidan ozod etildi

12:14 17 Iyul 2024 Siyosat
242 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yigʻilish kun tartibidagi navbatdagi masala – qurilish va transport kompleksidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Qurilish sohasi yarim yilda 10 foizga oʻsib, 80 trillion soʻmga yetdi. Shunday boʻlsa-da, xotirjamlikka berilmay, qurilishda tannarxni pasaytirish boʻyicha jiddiy shugʻullanadigan vaqt kelgani taʼkidlandi.

Qurilish tannarxi faqat yer va qurilish materiallariga bogʻliq emasligi, texnik talablarni moslashtirish, loyihani kelishish, qurilishga ruxsat olishdagi murakkab tartibotlar ham tannarxga taʼsir qilishi qayd etildi.

Bu boradagi jarayonlar takomillashtirilib, tadbirkorlar uchun sharoitlar yaxshilansa, qurilish materiallari, eltexsanoat, ipoteka xizmatlari kabi yondosh sohalar rivojlanishiga katta turtki boʻladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov sogʻligi tufayli lavozimidan ozod etildi, vazirning birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, yigʻilishda Qurilish inspeksiyasi faoliyatini jonlantirish zarurligi qayd etildi.

Oʻtgan bir yarim yilda ekspertizasi yoʻq 2,2 ming obyekt qurilishiga asossiz ruxsat berilgan. Oʻtgan yil roʻyxatdan oʻtkazilmasdan qurilishi boshlangan 1,6 mingta obyekt aniqlangan.

Shu bois, ushbu inspeksiya Hukumat tarkibiga oʻtkazilishi va vakolatlari kengaytirilishi belgilandi.

Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar boʻyicha jazo choralarini kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Bunday holatlarni aniqlash uchun Qurilish inspeksiyasining texnik vositalar, shu jumladan dronlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер