Qurilish sohasida jamoatchilik nazorati yanada kuchaytiriladi

13:29 30 Noyabr 2022 Jamiyat
260 0

Foto: Qurulish vazirligi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 17-noyabrda “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi va Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan dasturlarga kiritilgan loyihalar, shuningdek, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari asosida moliyalashtiriladigan qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha loyihalar doirasida qator ishlar amalga oshiriladi.

2023-yilning 1-yanvaridan boshlab Davlat dasturlariga kiritilgan qurilish loyihalari, tashabbusli byudjetlashtirish asosida moliyalashtiriladigan qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha loyihalar yanada optimallashtiriladi, – deydi Qurilish vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – Obyektlarning bosh loyiha qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari Qurilish vazirligining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida inson omilisiz oʻtkaziladigan tender savdolari orqali aniqlanadi. Tasdiqlangan manzilli roʻyxatlarga kiritilgan har bir obyektga identifikatsiya raqami beriladi va “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritiladi hamda ular boʻyicha har qanday oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar mazkur axborot tizimida aks ettirib boriladi.

Xavf-xatar toifasidan qatʼi nazar barcha obyektlar qurilish-taʼmirlash ishlarini boshlash uchun vakolatli organdan elektron roʻyxatdan oʻtkaziladi va nazoratga olinadi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida bosh pudrat tashkiloti tomonidan ishlarning bajarilganligini tasdiqlovchi dalolatnoma uning mazkur tizimdagi shaxsiy kabinetida elektron tarzda shakllantirib boriladi va buyurtmachi tashkilot bilan elektron tarzda kelishiladi.

Bunda buyurtmachi tomonidan hisob varaq-fakturalar Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga moliyalashtirish uchun elektron shaklda yuboriladi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining reytingida mavjud boʻlgan korxonalar, ularning reytingini hisoblash mezonlari kesimidagi ballari, dasturlar hamda loyihalardagi har bir obyektning shaharsozlik hujjatlari, obyektda bajarilgan ish hajmlari va moliyalashtirilgan mablagʻlar haqidagi maʼlumotlar tizimda real vaqt rejimida jamoatchilik uchun ochiq eʼlon qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?