Qurilish sohasida talablar keskin kuchaytirilishi kerak. Bu sohada eng tanlanganlar ishlasin — A.Qodirov

08:37 05 Fevral 2021 Jamiyat
376 0

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov kecha Buxoroda roʻy bergan baxtsiz hodisa haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Buxoroda qurilishi davom etayotgan binoda quruvchi kompaniyaning ish tashkil qilishdagi xatolari tufayli sodir boʻlgan portlash yana bir bor mamlakatimizda qurilish sohasini takomillashtirish, quruvchilar va qurilish sifatiga talablarni kuchaytirish zaruratini koʻrsatdi.

Oʻzbekistonda soʻnggi 4 yilda qurilgan uy-joylar butun sovetlar davrida qurilgan uy-joydan 5 barobar koʻp. Bu juda katta oʻsish, ish hajmi va aholi uchun ish oʻrni. Aholining yillar davomida koʻrib koʻrmaslikka olib kelingan ehtiyoji qondirilmoqda. Lekin bu jiddiy masʼuliyat hamdir.

Bugun Oʻzbekiston qurilish bozorida 20 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning koʻp qismini belgilangan talabga javob berishi, xavfsizlik va sifatni taʼminlayotganiga ishonchimiz komil boʻlishi kerak. Ayniqsa hududlarda bu soha korrupsiya botqogʻiga botib ketmagan deb baralla aytolmay qolyapmiz.

Yaqinda Qonunchilik palatasida qabul qilingan qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik Kodeksning 99-moddasiga qoʻshimcha kiritildi. Unda qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasining boshligʻi va uning hududiy inspeksiya boshliqlariga quruvchi kompaniyalar tomonidan qurilish talablarini buzayotganligi uchun jarima solish tariqasida maʼmuriy jazo chorasini qoʻllash, zarur boʻlsa qurilishni toʻxtatib qoʻyish huquqi berilmoqda. Lekin, inspeksiyalar ham bu qadar katta hajmni malakali va halol kuzatuvini olib boradilar deb kafolat berish qiyin.

Qurilish sohasida talablar keskin kuchaytirilishi kerak. Bu sohada eng tanlanganlar ishlasin. Mayli, ayrim hollarda tadbirkor vaqtdan yutqazsin, foydasi kamaysin, lekin fuqarolar masʼuliyatsizlik va beeʼtiborlikdan jabr koʻrmasinlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?