Qurilish loyihalari boʻyicha koʻrsatmalar berildi

20:14 23 Sentyabr 2022 Siyosat
636 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Dastlab Olimpiya shaharchasi boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Bu majmua 2025-yilda Toshkent shahrida oʻtkaziladigan Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlarini qabul qiladi. Xalqaro talablarga muvofiq, shaharchada olimpiya stadioni, yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashgʻulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi.

Avvalgi taqdimotda Prezident bu sport majmualari xalqimizga mulk boʻlib qolishini, ularni sifatli qilib qurish zarurligini aytgan edi. Shu bois loyihalash va keyinchalik qurilish jarayonlariga sohada katta tajribaga ega chet el kompaniyalari jalb etiladi.

Davlatimiz rahbari sport majmualarining universal boʻlishi muhimligini taʼkidladi. Stadion va binolarning tepasida quyosh panellari oʻrnatib, energiyani tejash, boʻsh maydonlarda koʻproq daraxtlar ekish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Taqdimotda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti loyihasi ham koʻrib chiqildi. Buning uchun poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidan joy ajratilib, oʻquv binolari, maʼmuriyat, oʻqituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport majmuasi qurilishi loyihalashtirilgan.

Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident taʼlim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud taʼlimga ixtisoslashgan yaxlit majmua boʻladi.

– Ixtisoslashtirilgan maktablar – bizning zaminimiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ularda bolalarimiz bilimli, barkamol boʻlib voyaga yetadi. Universitet bu tizimning davomi boʻlib, mamlakatimiz uchun kerakli, zamonaviy mutaxassislar tayyorlaydi. Shuning uchun bu yerda barcha shart-sharoit, ilgʻor metodika boʻlishi kerak.

Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlariga koʻproq mahalliy quruvchilarni jalb etish zarurligini taʼkidladi.

Taqdimotda koʻrsatilgan navbatdagi loyiha ham yoshlar kamolotiga qaratilgan. Unga koʻra, mahallalarda stadion, oʻyin maydonchalari, kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom va boshqalarni oʻz ichiga olgan markazlar barpo etish koʻzda tutilgan.

Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, aholi bilan maslahatlashilib, avvalo, bunday markazlar quriladigan joylar aniqlandi. Bugungi kungacha 171 ta mahallada sport maydonchalari qurilishi boshlanib, ulardan 64 tasi foydalanishga topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bunga hamohang boʻldi. Mazkur qarorga muvofiq oʻtkazilgan “Besh tashabbus” olimpiadasining sport musobaqalarida 279 ta mahalla gʻolib va sovrindor boʻlgan edi. Sportsevar yoshlarga ham mukofot, ham ragʻbat sifatida, ushbu mahallalarda 3 xil – universal, stritbol va vorkaut majmualari quriladi.

Bundan tashqari, sport infratuzilmasi yoʻq yana 208 ta mahallada ham stritbol va vorkaut maydonlari tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yili dekabrda Koreya Respublikasiga davlat tashrifi juda samarali boʻlgan edi. Shundan soʻng, Toshkentda tibbiyot klasteri tashkil etish loyihasi ham jadallashdi. Unga koʻra, Koreyaning Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) koʻmagida kattalar uchun tibbiyot markazi, onkologiya shifoxonasi va oliy oʻquv yurti qurilishi rejalashtirilgan.

Bu uchta majmua hozirgi Bolalar tibbiyot markazi bilan birga yaxlit klaster hosil qiladi. Unda oʻqitish va davolash boʻyicha Koreya tajribasiga asoslangan ilgʻor tizim yoʻlga qoʻyiladi. Shifoxonalar jami 900 bemor oʻrniga ega boʻladi. Qurilish ishlari 2023-yilda boshlanadi.

Davlatimiz rahbari loyiha boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?