Quyi Chotqol GES: Xalq farovonligi yoʻlidagi bunyodkorlik

16:07 20 Aprel 2020 Jamiyat
2061 0

Jahonda keng tarqalgan koronavirus pandemiyasi sharoitida mamlakatimizda qatʼiy karantin chora-tadbirlari joriy etildi. Fuqarolarimizdan oʻz salomatligi va hayoti xavfsizligini taʼminlash uchun xonadonlarida qolishlari talab etildi hamda karantinga rioya qilish qatʼiy etib belgilandi.

Ana shunday murakkab va tahlikali sharoitga qaramasdan, davlat va jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini taʼminlash maqsadida zaruriy soha vakillari belgilangan karantin qoidalariga toʻliq rioya qilgan holda samarali mehnat qilib kelmoqdalar. Bu borada, “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati ham mashaqqatli va sharafli faoliyatni amalga oshirmoqda.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ tizim korxona va tashkilotlari tomonidan koronavirus pandemiyasi sharoitida, belgilangan karantin chora-tadbirlari, oʻrnatilgan qoidalarga toʻla rioya qilingan holda, xalqimizning kundalik ehtiyoji uchun eng zarur boʻlgan elektr energiyasi uzluksiz ravishda ishlab chiqarilmoqda. Investitsiyaviy loyihalar asosida yangidan-yangi gidrotexnik inshootlar, gidroelektrostansiyalar barpo etilmoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi “Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi Chotqol daryosining belgilangan hududida qurilish ishlari jadal surʼatlarda davom ettirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, barpo etilayotgan ushbu GES loyihasida har birining quvvati 19 MVt boʻlgan 4 ta gidroagregatni oʻrnatish moʻljallangan. Gidrotexnik inshootning oʻrnatilgan quvvati 76 MVt boʻlib, yillik oʻrtacha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 282 mln. kilovatt-soatga teng.

Investitsiyaviy loyiha doirasida “Oʻzbekgidroenergo” AJ Rossiyaning “Silovыye mashinы” OAJ bilan amaliy hamkorlik qilmoqda.

“Oʻzbekgidroenergo” AJning tizim tashkiloti hisoblangan “4-son qurilish direksiyasi” MCHJ mazkur investitsiya loyihasining buyurtmachisi va ijro etuvchi tashkiloti boʻlib, loyihaviy yechimlarni inshootlarning ishonchlilik va xavfsiz ekspluatatsiya qilinishiga doir talablarga muvofiqligi nuqtayi nazaridan toʻgʻri tanlash va qoʻllash, investitsiya loyihasi boʻyicha uskunalar, mahsulotlar, ishlar va xizmatlarni kuzatish hamda texnik nazorat va qabul qilib olish uchun masʼul hisoblanadi.

Qayd etish joizki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov tomonidan qurilish ishlari toʻliq nazoratga olingan. Xususan, ishchi guruhga qurilish ishlarini belgilangan tartibda amalga oshirish, ishning sifatini doimiy nazorat qilish, ishchi-xodimlarga zaruriy va qulay mehnat shart-sharoitlarini yaratib berish boʻyicha tegishli topshiriqlar berilmoqda.

Bugungi kunda noqulay ob-havo sharoitlariga qaramasdan, belgilangan ish rejasi jadvali asosida Quyi Chotqol GES obyektida qurilish ishlari tizim tashkiloti hisoblangan “TOʻPALANG HPD HOLDING” MCHJ tomonidan jadallik bilan olib borilmoqda. Qurilish ishlariga barcha zaruriy texnika vositalari hamda transportlari jalb etilgan.

GES obyektiga olib boruvchi hamda qurilish ishlari uchun muhim boʻlgan avtotransport yoʻllari barpo etildi. GES faoliyati uchun zaruriy hisoblangan ORU maydonining yer ishlari tugallanib, tayyor holga keltirildi. Qurilish uchun muhim hisoblangan beton zavodi bunyod etildi.

Shuningdek, GES qurilish obyektida suvni olib oʻtishga moʻljallangan tunnel qurilishi yuqori surʼatlarda davom ettirilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad – GES toʻgʻoni qurilishi ishlarini boshlash, kelgusi ekspluatatsiya jarayonlarida ham tunnel orqali suvning yoʻnalishini vaqtincha boshqa tomondan yoʻnaltirib turishga zaruriy sharoitni yaratishdir. Hozirda, bir vaqtning oʻzida tunnelning ikki tomonidan ham qurilish ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, toʻgʻondan bir necha yuz metr quyida koʻprik qurilishi amalga oshirilmoqda. Qurilish loyihasida koʻprikning uzunligi – 63 m; eni – 10 m; umumiy yuk koʻtarish ogʻirligi – 100 tonnani tashkil qiladi.

GESning asosiy asbob-uskunalari normativ muddatlarga koʻra 40 yilgacha yuqori surʼatlarda xizmat qilishi mumkin, amalda esa ular 80 yilgacha ham ishlaydi.

Quyi Chotqol GES qurilishi va ishga tushirilishiga sarflangan xarajatlar investitsion davrni hisobga olmaganda, 6 yil 2 oyda qoplanishi kutilmoqda. Rejaga binoan, 2024-yil dekabr oyida Quyi Chotqol GESni ishga tushirish koʻzda tutilmoqda.

Mazkur keng koʻlamli ishlar zamirida ulugʻvor maqsad – xalqimizni rozi qilish, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholi farovonligiga fidokorona xizmat qilish turadi.

Shu bilan birga, bugungi murakkab va tahlikali vaziyatda, qatʼiy karantin sharoitida oilasi, farzandlari davrasida oʻz xonadonida oʻtirgan, davlat va jamiyat taqdiriga befarq boʻlmagan, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni oʻzining yuksak fuqarolik burchi deb bilib, belgilangan karantin choralariga qatʼiy tartibda amal qilayotgan hamyurtlarimiz uchun barqaror va uzluksiz elektr energiyasini ishlab chiqarish gidroenergetika sohasi jonkuyarlarining ustuvor maqsadidir.

Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?