Quduqda qolib ketgan fuqaro qutqarib olindi (+video)

11:08 22 Mart 2025 Jamiyat
175 0

Fargʻona viloyati Fargʻona tumanida sodir boʻlgan favqulodda holatda 40 metrli quduq tubida qolib ketgan fuqaro muvaffaqiyatli qutqarildi. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tarqatgan rasmiy maʼlumotga koʻra, voqea Fargʻona tumanidagi Sohibkor koʻchasida joylashgan xonadon hovlisida yuz bergan. Bu haqda “Vodiy24.uz” xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 1977-yilda tugʻilgan X.D. ismli fuqaro quduqda shaxsiy elektr libyotkasi yordamida ish olib borayotgan vaqtda qurilma texnik nosozlik sabab toʻxtab qolgan. Oqibatda u chuqurligi 40 metr boʻlgan quduq tubida yordamsiz holda qolib ketgan.

Vaziyat yuzasidan zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga murojaat qilingan. Qutqaruv chaqiriqlariga javoban, boshqarmaning maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadi voqea joyiga yetib borgan va shoshilinch qutqaruv ishlarini boshlagan.

Qutqaruvchilar tomonidan amalga oshirilgan tezkor va hamohang harakatlar natijasida fuqaro X.D. salomatligiga zarar yetkazmagan holda quduqdan olib chiqilgan. Hech qanday tan jarohati qayd etilmagan va tez tibbiy yordamga ehtiyoj tugʻilmagani maʼlum qilingan. Qutqaruv amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер