QQSni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi dasturiy mahsulotlari taqdim etildi

19:07 27 Noyabr 2021 Jamiyat
745 0

Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Namanganda  “Soliq maʼmurchiligining samarasini oshirish orqali tadbirkorlarga teng raqobat sharoitlarini yaratish” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sherzod Kudbiyev, qoʻmita Jamoatchilik maslahat kengashi aʼzolari, soliq maslahatchilari, tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Anjuman avvvalida taʼkidlanganidek, mamlakatimizda  tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan  islohotlar natijasida bugunga kelib  QQS toʻlovchilari soni 2016-yilga nisbatan 20 baravarga oʻsdi yoki 138 mingtani tashkil etmoqda. Huddi shunday, foyda soligʻi toʻlovchilari soni ham 18 baravarga oʻsdi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar  bir million  nafardan oshdi. Ayni yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar sharofati bilan Oʻzbekiston soliq sohasida ijobiy oʻzgarishlarga erishayotgan davlatlar roʻyxatida TOP-20 talikka kirdi. Shunga qaramay,  soliq maʼmurchiligi boʻyicha mukammal tizim yaratilmas ekan, “xufiyona iqtisodiyot”ga qarshi kurashish masalasi dolzarbligicha qolmoqda.  Buning eng toʻgʻri va yagona yechimi – soliq maʼmurchiligining barcha yoʻnalishlariga avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini joriy etishdir.

Davlat soliq xizmati organlari tizimida bu borada salmoqli qadamlar tashlanmoqda. Jumladan, qoʻmita  maʼlumotlarni qayta ishlash markazining quvvati oʻtgan yilga nisbatan 8, axborotni qayta ishlash tezligi esa 29 baravarga oshdi. Raqamlashtirish natijalariga koʻra, hozirda soliq toʻlovchilarning 95 foizi  majburiyatlarini oʻz vaqtida ixtiyoriy bajarmoqda.

Aytish lozimki, Vazirlar Mahkamasining joriy  yil  22-sentyabrda  qabul qilingan 595-sonli qarori soliq maʼmurchiligining yangi bosqichini boshlab beradigan konseptual hujjat sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Unda uchta asosiy yangilik mavjud. Chunonchi, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarini soliq organlarida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish soliq xavfini baholash asosida amalga oshiriladi.

Yangi tartibga koʻra, joriy yilning 22-dekabridan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazishda soliq toʻlovchilarning soliq xavfi darajasi oʻrganiladi. Maxsus roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha arizalar 7 kun ichida koʻrib chiqiladi. Arizani koʻrib chiqishning birinchi bosqichida soliq toʻlovchilarning soliq xavfi avtomatlashtirilgan tizim orqali oʻrganiladi va natijalarga koʻra ular soliq xavfining yuqori, oʻrta  yoki past darajalari boʻyicha toifalarga ajratiladi.

Keyingi yangilik tadbirkorlarning aktivlarni hisobga olishning yangi mexanizmi – “Ye-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilishi bilan bogʻliq. Ushbu  tizim soliq organlariga asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslar hisobini yuritish, tahlil qilish, ularning harakatini masofadan hisobga olish, har bir ombor kesimida kirim-chiqim qilingan yoki qoldiq tovarlar roʻyxatini shakllantirish imkonini beradi.

QQS toʻlovchilar va ustav jamgʻarmasida davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan yuridik shaxslar 2022-yil 1-yanvardan “Ye-aktiv” axborot tizimidan foydalanishi majburiy hisoblanadi.

Uchinchisi, ijara munosabatlarining yangi tizimi – “Ye-ijara ” dasturini ishga tushirishdir. Ayni maqsadda  yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qoʻyish uchun “Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish” – “Ye-ijara” elektron xizmati yaratilib, “ijara.soliq.uz” internet manzilida sinovdan oʻtkazilmoqda.

Bundan tashqari matbuot anjumani davoda elektron hisob varaq-faktura  hamda mahsulot va xizmatlarning identifikatsion kodi tizimida amalga oshirilayotgan yangiliklar, xususan, tizimdan foydalanish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kiritilayotgan oʻzgarishlar haqida batafsil  maʼlumot berildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.   

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?