Qozogʻistonda Oʻzbekiston fuqarosi mehnat qulligida ushlab turilganmidi? — TIV vaziyatga oydinlik kiritdi

16:47 18 Noyabr 2020 Jamiyat
213 0

Qozogʻistonda Oʻzbekiston fuqarosining mehnat qulligida ushlab turilgani toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida xabarlar tarqalgani munosabati bilan mamlakatimizning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi quyidagilarni maʼlum qildi:

"Aqtoʻbe viloyati politsiya departamenti maʼlumotlariga koʻra, Qozogʻiston hududida noqonuniy ravishda boʻlgan shaxslarni topish boʻyicha rejali tadbirlar davomida 1962-yil 2-mayda tugʻilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi M.B. aniqlangan. Uning ish beruvchisiga nisbatan Qozogʻiston Jinoyat kodeksining 128-moddasida koʻzda tutilgan “Odam savdosi” boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

M.B. Qozogʻistonga 1996-yilda kelgan, 2004-yilda doimiy yashash ruxsatnomasini olgan va Qozogʻistonda muntazam yashaydi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan suhbat chogʻida M.B. hozirgi ish beruvchisiga nisbatan shikoyati yoʻqligini, ish, yashash va ish haqi shartlari oʻzini qoniqtirishini, Oʻzbekistonga qaytish niyati yoʻqligini va Olmaota shahriga, Qozogʻiston fuqarosi boʻlgan qizining uyiga koʻchib oʻtishni rejalashtirayotganini bildirdi.

Jinoiy ish alomatlari yoʻqligi va mehnat qulligi faktlari tasdiqlanmagani munosabati bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ish yopildi.

Qozogʻiston hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmoʻla, Shimoliy Qozogʻiston, Pavlodar, Qostanay va Qaragʻanda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 (Telegram, Whatsapp, Imo); Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (Aqtoʻbe, Atirau, Gʻarbiy Qozogʻiston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozogʻiston, Turkiston, Jambil va Qiziloʻrda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtamiz".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?