Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston davlatlariga 12,4 mln dollarlik issiqlik saqlovchi qurilish materiallari eksport qilindi

13:21 25 Yanvar 2023 Iqtisodiyot
232 0

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov maʼlum qildi.

Hozir kunda butun dunyoda bino va inshootlar innovatsion, yangi turdagi qurilish materiallarini qoʻllash orqali sifatli, har tomonlama qulay, energiya tejamkor tarzda bunyod etilmoqda. Xususan, rivojlangan davlatlarda soʻnggi yillarda gazobeton, bazalt armaturasi, bazalt toshi va shisha momigʻidan issiqlik saqlovchi materiallari kabi koʻplab energiyatejamkor qurilish mahsulotlardan foydalanilyapti. Mamlakatimizda ham bu borada dunyo tajribasi qoʻllanilmoqda. Bino va inshootlarni barpo etishda issiqlik saqlovchi materiallarini qoʻllash boʻyicha shaharsozlik normalari ishlab chiqilgan.

Maʼlumki, Respublikamizda issiqlik saqlovchi materialining uch xili yaʼni bazalt toshi, shisha momigʻi va penopleks turlaridan keng foydalaniladi.

Ushbu qurilish materiallariga boʻlgan talab yildan-yilga oshib bormoqda. Raqamlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, 2016-yilda mamlakatimizda 17 ming tonna issiqlik saqlovchi qurilish materiali ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2022-yilga kelib bu koʻrsatkich 43 ming tonnani tashkil etdi. Eʼtiborlisi, qoʻshni davlatlarda ham ushbu mahsulotga boʻlgan talab ortgan. Maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston davlatlariga jami 12,4 mln dollarlik issiqlik saqlovchi qurilish materiallari eksport qilingan.

Bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar haqida maʼlumot berib oʻtsam. Hozirda Respublikamizda 3 ta bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqaruvchi korxona mavjud boʻlib, ularning yillik quvvati 83 ming tonnani tashkil etadi. Mazkur yoʻnalishda eng yirik sanoat korxonasi Jizzax viloyatida joylashgan boʻlib, uning yillik quvvati 35 ming tonnaga teng.

Nafaqat mahalliy balki jahon bozorini energiyatejamkor bazalt xomashyosidan issiqlik saqlovchi plitalar bilan taʼminlash, ushbu yoʻnalishda yangi sanoat korxonalarini barpo etish maqsadida “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, «Oʻzsanoatqurilishbank» ATB va viloyat hokimliklari hamkorligida koʻplab yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Tahlillarga koʻra, 2022-yilda Toshkent shahrida yiliga 30 ming tonna bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona foydalanishga topshirildi.

2023–2024-yillarda uyushma masʼulligida bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 63,1 mln dollar boʻlgan 3 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyihalar Andijon, Navoiy va Jizzax viloyatlarida amalga oshiriladi. Mazkur investitsiya loyihalari ishga tushirilgach yiliga 95 ming tonna qoʻshimcha quvvat yaratiladi.

Xususan, Andijon viloyatida “Everest Metal Grand” MCHJ tomonidan yiliga 20 ming tonna bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, Navoiy viloyatida yillik quvvati 30 ming tonna boʻlgan “Petrowool“ MCHJ investitsiya loyihasi amalga oshirilsa, Jizzax viloyatida ”Basalt Wool” MCHJ tomonidan qoʻshimcha yiliga 45 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatini yaratish loyihasi ishga tushiriladi. Natijada korxonaning jami yillik ishlab chiqarish quvvati 80 ming tonnaga yetkaziladi..

Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi natijasida joriy yilning oʻzida Respublikada bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish quvvati 178 ming tonnaga yetkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер