Qozogʻiston MXQ sobiq raisi Karim Masimovga tegishli 17,2 million AQSH dollari naqd pul, 11 ta qimmatbaho mashina va koʻplab antiqa buyumlar musodara qilingan

17:15 10 Mart 2022 Dunyo
704 0

Foto: tengrinews.kz

Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasi Karim Masimov va boshqa shaxslarga nisbatan davlatga xiyonat, hokimiyatni zoʻravonlik bilan egallab olishga tayyorgarlik koʻrish va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilishda gumon qilinib, jinoyat ishi boʻyicha tergovni davom ettirmoqda.

Qoʻmita tergov davomida Karim Masimovning harakatlarida koʻplab korrupsiya belgilari aniqlangani haqida maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, tergov jarayonida Qozogʻiston ishbilarmon doiralari va xorijiy subyektlardan koʻchmas mulk, qimmatbaho sovgʻalar, jumladan, madaniy boyliklarni, katta miqdordagi mablagʻlarni noqonuniy ravishda olish holatlari hujjatlashtirilgan. Xususan, Masimov yopiq shartnomalardan biri boʻyicha KNB raisi lavozimida xorijiy davlat vakillaridan 2 million AQSH dollari miqdorida pora olgani yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu mablagʻlarning Gonkongdan Qozogʻiston Milliy bankiga qaytarilishi taʼminlandi. Shuningdek, Masimov bosh vazirlik davrida biznes tuzilmalaridan biridan poytaxtdan 2,5 milliard tengega yaqin elita mehmon uyi va yer uchastkasi olgani yuzasidan ham tergov boshlangan. Masimov hibsga olinganidan soʻng, 2022-yil yanvar oyida ushbu mehmon uyidan 17,2 million AQSH dollari naqd pul, shuningdek, koʻplab hashamatli buyumlar — soatlar, tilla quymalar, antiqa buyumlar va boshqa koʻp narsalar olib qoʻyilgan. Bundan tashqari, unga tegishli 11 ta qimmatbaho biznes-klass avtomashinalari musodara qilingan.

Shuningdek, uning Nur-Sultondagi ikkita elit kvartirasi, Olmaotadagi ikkita kvartira va qasr, shuningdek, Shchuchinsko-Borovsk kurort hududidagi koʻl boʻyidagi 1 gektar yer uchastkasi musodara qilingan. U bilan yaqin aloqada boʻlganlardan 5,1 million AQSH dollari musodara qilingan va hibsga olingan.

Shu bilan birga, Masimov va uning atrofidagilar tomonidan chet el banklaridagi hisob raqamlariga noqonuniy ravishda olib qoʻyilgan bundan ham yirikroq mablagʻlarni qidirish, hibsga olish va Qozogʻistonga qaytarish boʻyicha ishlar tashkil etildi. Mazkur faktlar boʻyicha faol tergov-tezkor tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Karim Masimov 2007-2012-yillarda Qozogʻiston Bosh vaziri, 2012-2014-yillarda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, 2014-yil 21-yanvardan Qozogʻiston Respublikasi Davlat kotibi, 2014-yil 2-apreldan Qozogʻiston Bosh vaziri, 2016-yil 8-sentyabrdan 2022-yil 5-yanvargacha Qozogʻiston Respublikasi Milliy xavfsizlik qoʻmitasi raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan..

2022-yil 5-yanvar kuni Xavfsizlik kengashi yigʻilishidan soʻng Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar fonida Karim Masimovni Milliy xavfsizlik qoʻmitasi raisi lavozimidan ozod qilgan edi. Ertasi kuni u davlatga xiyonat (Qozogʻiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 175-moddasi 1-qismi) ishi boʻyicha qoʻlga olinib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?