Qoʻshtepa tumanida charm-poyabzal yoʻnalishida zamonaviy kichik sanoat zonasi barpo etilmoqda

10:46 05 Fevral 2026 Jamiyat
231 0

Fargʻona viloyatining Margʻilon shahri hamda unga yondosh Qoʻshtepa va Toshloq tumanlarida azaldan charm-poyabzal mahsulotlari tayyorlashga ixtisoslashgan hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Ushbu hududlarda deyarli har bir oila mazkur soha bilan shugʻullanib, tayyor va yarim tayyor mahsulotlarni mahalliy bozorlarga taklif etib keladi. Shu bois aholi oʻrtasida muayyan kasb va hunarga ixtisoslashuv shakllangan.

Bozordagi talab va taklifni chuqur oʻrganishga asoslangan yangicha yondashuvlar natijasida keyingi yillarda charm-poyabzal mahsulotlari eksporti hajmi ham izchil oshib bormoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-maydagi “Hududlarda mikrosanoat markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Qoʻshtepa tumanidagi “Nurafshon” mahallasi hududida 9 gektar maydonda charm-poyabzal yoʻnalishida kichik sanoat zonasi barpo etilmoqda. Ushbu loyiha sohani zamonaviy talablar asosida rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Istiqbolli tashabbus doirasida ishlab chiqarish, mahsulotni sifatli saqlash va savdo jarayonlarini klaster tizimi asosida tashkil etish koʻzda tutilgan. Ayni paytda kichik sanoat zonasining bosh rejasiga muvofiq 11 ta ishlab chiqarish obyekti, 2 ta savdo markazi hamda mehmonxona qurilishi jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 350 milliard soʻmni tashkil etib, uning natijasida 1500 ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

— Ushbu loyiha orqali yuzlab oilalar doimiy daromad manbaiga ega boʻladi, yoshlar esa kasb va hunar oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi, — deydi charm-poyabzal yoʻnalishi direksiyasi rahbari Otabek Hakimov. — Ezgu tashabbus natijasida poyabzal ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar uchun yangi bozor ham faoliyat boshladi.

Yangi savdo maydoni Qoʻshtepa va Toshloq tumanlari hamda Margʻilon shahrida poyabzal ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun qulay infratuzilma sifatida xizmat qilmoqda. Bu yerda nafaqat mahsulotlarni sotish, balki yangi hamkorlar topish va buyurtmalar hajmini kengaytirish imkoniyatlari ham mavjud.

Aytish joizki, mazkur loyiha faqat ishlab chiqarish va savdo faoliyati bilan cheklanib qolmaydi. Majmua hududida mehmonxona, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, avtoturargoh kabi qoʻshimcha infratuzilma obyektlarini barpo etish ham rejalashtirilgan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер