Qoʻshrabotda beshta MFY yangi binoli boʻldi

07:42 01 Mart 2022 Jamiyat
611 0

Foto: Халқ сўзи

Mahalla institutini rivojlantirish, uning davlat va jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, odamlarda mazkur tuzilmaga boʻlgan ishonch hissini oshirish maqsadida Samarqand viloyatida ham qator ishlar olib borilmoqda. Viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi hamda tuman, shahar hokimliklari hamkorligida joriy yilning oʻtgan ikki oyida 33 ta MFYning yangi binolari qurilib, foydalanishga topshirilgani ushbu yoʻldagi amaliy saʼy-harakatlarining bir qismidir.

Shulardan 5 tasi kuni kecha Qoʻshrabot tumanida ochildi. Tumandagi «Pichot», “Mustaqillik”, “Shova”, “Qovunchi” va “Namuna” mahalla fuqarolar yigʻini binolarining ochilish marosimlarida viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari, nuroniy otaxonu onaxonlar, yoshlar, OAV vakillari ishtirok etdi.

Byudjet mablagʻlari hisobidan bunyod etilgan barcha MFY binosida mahalla raisi, rais oʻrinbosari, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektorlari uchun alohida xona va zarur sharoitlar yaratilgan.

— Qoʻshrabot Samarqand viloyatining eng chekka tumanlaridan biri boʻlsa, bizning “Shova” tuman markazidan olisda joylashgan mahallalardan hisoblanadi, — deydi “Shova” MFY raisi Xoldor Qoʻshmurodov. — Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yilida viloyatimizda sharoiti ogʻir MFYlarga alohida eʼtibor qaratilib, yangi binolar qurib berilayotgani quvonarli. Shular qatorida biz uchun ham zamonaviy qulayliklar yaratib berilganidan behad mamnunmiz.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?