Qoʻshimcha talab etiladigan 37,5 ming tn piyozni 1-aprelga qadar ichki bozorlarga kiritish chora-tadbirlari belgilandi

Foto: Illustrativ foto
AOKAda oʻtkazilgan brifingda Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oziq-ovqat sanoati bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Otajon Pirmonov ichki isteʼmol bozoriga piyoz mahsulotini kafolatli yetkazib berish, uning zaxirasi, yetishmaydigan qismini qoplash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.
23-yanvar kuni oʻtkazilgan monitoringlarda saralanmagan piyozning ulgurji narxlari oʻrtacha 6 500 soʻmni, dehqon bozorlaridagi arzonlashtirilgan maxsus rastalarda 5000 soʻmni, savdo markazlari va supermarketlarda 7 700 soʻmni tashkil etgan.
Bunda, piyozning ulgurji narxi 1-yanvar kuniga nisbatan 2 900 soʻmga, maxsus rastalarda 2000 soʻmga, savdo markazlarida 3 550 soʻmga oshgan.
Narxlarning oshishiga havo haroratining Oʻzbekiston sharoitida juda kam kuzatiladigan darajada keskin sovushi oqibatida dehqonlar ixtiyoridagi piyozning ustki qismi muzlaganligi hamda ayrim yoqilgʻi quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilganligi tufayli logistika narxlarining oshishi taʼsir etgan.
Mazkur holatlar esa mahsulotni bozorga yetkazish zanjirida vaqtinchalik uzilishlarga olib kelgan.
Mutaxassislar fikriga koʻra, mahsulotni toʻliq nobud boʻlishini oldini olish maqsadida ustki qismi muzlagan piyozni havo moʻtadillashgunga qadar joyidan qoʻzgʻatmaslik kerak.
Piyoz narxi oshishi kuzatilgan boʻlsada, aholida uni gʻamlab qoʻyish kayfiyati mavjud emasligi, hamda joriy yil
1-yanvardan piyoz eksportiga cheklov oʻrnatilganligi bozorlarni aholi talabiga mos ravishda piyoz bilan barqaror taʼminlash imkoni mavjudligini koʻrsatmoqda.
Ichki isteʼmol bozorini piyoz bilan barqaror taʼminlash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan barcha xoʻjaliklar tasarrufidagi mahsulotlarning zaxirasi doimiy ravishda oʻrganib borilmoqda.
Bugungi kun holatiga koʻra, Hukumat qaroriga muvofiq hududlarda tashkil etilgan zaxiralarda 51 ming tn, aholi xonadonlarida 200 ming tn piyoz zaxirasi mavjud.
Zaxiraga jamgʻarilgan mahsulotlarning barchasi tuman hokimligi va Departament organlari bilan birgalikda bozorlarda tashkil etilgan arzonlashtirilgan maxsus rastalar hamda mahallalardagi koʻchma savdo yarmarkalari orqali aholiga manzilli ravishda yetkazib borilmoqda.
Ichki isteʼmol bozorini piyozga boʻlgan ehtiyojini kafolatli taʼminlash hamda narxlarning oʻsishini oldini olish maqsadida 1-aprelga qadar qoʻshimcha talab etiladigan 37,5 ming tn piyozning bozorlarga kiritish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Bundan tashqari, respublikadagi ayrim hududlarning ehtiyojidan ortiq miqdorda yetishtirilgan piyozni boshqa hududlarga manzilli yetkazish maqsadida bozorlardagi qoʻshimcha ehtiyoj kundalik monitoring qilib borilmoqda.
Kuzatuvlar natijasidan kelib chiqqan holda piyozni bir hududdan ikkinchi hududga “Yashil yoʻlak” tamoyili asosida hech qanday toʻsqinliksiz yetkazish choralari koʻrilmoqda.
Ushbu tadbirlar natijasida oʻtgan 25 kunda jami 5 ming tn piyoz hududlararo intervensiya qilindi.
Jumladan, Navoiyda – 700 tn, Namanganda – 630, Fargʻonada – 430, Andijonda – 410, Jizzaxda – 320, Buxoroda – 310, Xorazmda – 300, Sirdaryoda – 270, Toshkent shahrida – 240, Qashqadaryoda – 180, Qoraqalpogʻistonda –180, Toshkent viloyatida – 150, Samarqandda – 140, Surxondaryoda – 75 tn piyoz intervensiya qilingan.
Intervensiya qilingan mahsulotlarning barchasi arzonlashtirilgan maxsus rastalar orqali Departament organlari nazorati ostida narxlarni asossiz oshirmasdan sotilishi taʼminlab borilmoqda.
Hozirgi kunda ichki isteʼmol bozoriga mahsulotlarni kafolatli tarzda yetkazib berish davom ettirilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring