Qoraqalpogʻistonni rivojlantirish boʻyicha uch yillik dastur amalga oshiriladi

21:46 10 Noyabr 2020 Siyosat
330 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-noyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbari 2-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida hududning har bir shahar va tumanini rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan vazifalarni belgilab bergan edi. Shu maqsadda yangi taraqqiyot dasturini ishlab chiqish uchun 37 mingta xonadon va tadbirkorlik subyektlari oʻrganilib, dolzarb masalalar aniqlandi.

Ushbu tahlillar asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2020-2023-yillarda kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Dasturga muvofiq, hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida yangi tadbirkorlik subyektlariga qator soliq imtiyozlari berilmoqda. Bundan tashqari, rivojlanishdan ortda qolayotgan Taxtakoʻpir, Boʻzatov, Shumanay tumanlari hamda 45 ta sharoiti ogʻir mahalla va ovullarda sanoat va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida yangi tashkil etilgan korxonalar ham imtiyozlarga ega boʻlmoqda.

Videoselektor yigʻilishida mazkur dasturda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini tizimli tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

Xususan, 17 ta tuman va shaharning oʻziga xos “oʻsish nuqta”laridan kelib chiqib, 2020-2022-yillarda umumiy qiymati 12 trillion 300 milliard soʻm boʻlgan 1 ming 359 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. 523 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish, qariyb 20 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish moʻljallangan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga “xomashyodan tayyor mahsulotgacha” tizimida ishlovchi 27 ta sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Dasturda qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha ham qator vazifalar belgilangan. Paxta yetishtirish bekor qilinayotgan 12 ming gektar maydonda eksportbop sabzavot ekinlarini joylashtirish, foydalanishdan chiqqan 36 ming gektar yerni qayta oʻzlashtirish, “Qoraqalpoq-agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish shular jumlasidandir. Kunjut yetishtirish va naslli qoramollar sonini koʻpaytirish, Xoʻjayli tumanini chorvachilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, yiliga 2,5 milliard kub metr suvni tejash choralari koʻriladi. Buning uchun 14 ming 200 kilometr kanallarni taʼmirlash, 45 ming gektar ekin maydonida suv tejovchi texnologiyalar joriy etish, suv ajratish nuqtalarida hisoblagichlar oʻrnatish, 38 ming gektar maydonni lazer yordamida tekislash juda muhim.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Suv xoʻjaligi vazirligining bu boradagi vazifalari qayd etib oʻtildi.

Dasturda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi nisbatan past boʻlgan Taxtakoʻpir, Boʻzatov, Shumanay tumanlari boʻyicha alohida choralar nazarda tutilgan. Xususan, bu tumanlarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash uchun 2021-2023-yillarda 409 milliard soʻmlik 172 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, sharoiti ogʻir 45 ta mahalla va ovulda umumiy qiymati 2 trillion 340 milliard soʻm boʻlgan 150 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu loyihalarga beriladigan kreditlarning foiz xarajatlari Markaziy bank asosiy foiz stavkasining 50 foizi miqdorida Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan kompensatsiya qilinadi.

Davlatimiz rahbari yangi korxonalar tashkil etib, aholini ish bilan taʼminlash, oilalarni kambagʻallikdan olib chiqishga koʻmaklashish muhimligini taʼkidladi.

Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston tuman va shaharlari qiyofasini yangilash, yoʻllar va uy-joylar qurish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Keyingi 3 yilda 856 kilometr avtomobil yoʻllarini qurish va taʼmirlash, 2 ming 500 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari qurish hisobiga taʼminot darajasini 70 foizga yetkazish maqsadi taʼkidlanib, masʼullar biriktirildi. 7 ming kvartirali 235 ta, yosh oilalar va kam taʼminlangan aholi uchun 2 ming 84 kvartirali 36 ta arzon koʻp qavatli uylar qurilishi aytildi.

Nukus shahrini renovatsiya qilish, zamonaviy infratuzilma obyektlari qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi.

Sogʻliqni saqlash sohasi haqida soʻz borar ekan, qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarni toʻliq raqamlashtirish, tibbiyot brigadalari tashkil etib, aholini skrining tekshiruvlaridan oʻtkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Maktablarda darslarni yangi metodika asosida tashkil etish, pedagoglarni shu boʻyicha malakasini oshirish vazifasi qoʻyildi.

– Umuman olganda, Qoraqalpogʻistonda ishlarni yangicha tashkil etish va nazorat tizimi oʻrnatiladi. Buning uchun Oliy Majlis Senatida Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilash va daromadlarini oshirish boʻyicha yangi qoʻmita tashkil etildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda mutasaddilar dastur ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?