Qoraqalpogʻistonlik ustoz bir kunda qoʻshaloq medal taqdi

17:49 01 Oktyabr 2021 Jamiyat
3134 0

Odatdagidek ertalab maktabga borishga taraddud koʻrayotgan edim. Telefonim jiringladi. Tuman xalq taʼlimi boʻlimidan ekan. Tezda Nukus shahriga yetib borishimni aytishdi...

Keyin bilsam, Prezidentimizning “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmonida keltirilgan roʻyxatda men ham bor ekanman.

Nukus shahri bilan tumanimiz orasi 150 kilometr. Mashinada ketayotib rasmiy saytlardan Prezidentimiz Farmoni bilan tanishdim. “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganlar orasida tumanimiz nomi, maktabimiz raqami va qadrdon sinfimgacha maʼlumotlar keltirilgani meni cheksiz quvontirdi.

Qoratogʻ oralaridan oʻtuvchi ravon yoʻllardan borarkanmiz, ijtimoiy tarmoqlar orqali yaqinlarim va kasbdoshlarimizdan tinimsiz tabriklar kelardi. Hayot faqat shodliklardan iborat emas. Oʻtgan yili oilamizda roʻy bergan baxtsizlikdan soʻng koʻnglim choʻkib, umidsiz qolgan kezlarimda ham ana shu qadrdonlar taskiniga suyangan edim.

Albatta, oila aʼzolarim va kasbdoshlarim qoʻllab-quvvatlashi natijasida men yanada kuchliroq ishlashga harakat qildim. Yurtimizda yaratilgan sharoitlardan foydalanib, oila aʼzolarimiz bilan birgalikda qishlogʻimizda xususiy bogʻcha ochish ishlariga kirishdik. Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida oʻz xonadonimda oilaviy uy-bogʻchasini ochishga muvaffaq boʻldik. Maktabdagi faoliyatimni ham yanada jonlantirib, yozgi taʼtil davrida qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil qildim.

Nukus shahrida oʻtgan tantanali tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M. Kamalov yigʻilganlarni 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan qizgʻin muborakbod etdi. Va menga “Shuhrat” medalini topshirdi.

Kamtarona mehnatlarim yuksak baholanganidan, oʻqituvchi boʻlganimdan faxr tuygʻusiga koʻmilib uyga qaytdim. Buning qarangki, qaytgach, yana bir shodiyona, quvonchli xabar eshitdim. Bayram munosabati bilan tashkil qilingan tantanali tadbirda “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim.

Bayram shodiyonalaridan qaytar ekanman, bundan 4-5 yil ilgari aynan shunday kuz kunlarida paxta dalasida changga botib yurgan kezlarimizni esladim. Endi u kunlar tarix boʻldi.

Oqshom tushdi. Tuman markaziy koʻchalaridan uyim tomon boraman. Bir kunda koʻksimga taqilgan qoʻshaloq medal taʼlim va tarbiyani uygʻun olib borishimga kuch-gʻayrat beradi, ishonchimni oshiradi. Keng koʻchalarni yoritib turgan chiroqlar xuddi biz oʻqituvchilarning kelgusi faoliyatimizga nurli yoʻl koʻrsatayotgandek tuyiladi menga.

Oʻqituvchi va murabbiylar obroʻsini qaytarishdek ulugʻ ishning tashabbuskori, bugungi taʼlim tizimidagi islohotlar muallifi boʻlgan davlatimiz rahbariga bayram munosabati bilan yuksak mukofotga munosib koʻrgani uchun barcha qoraqalpogʻistonlik oʻqituvchilar nomidan minnatdorlik bildiraman.

Aysha KARIMOVA,

Ellikqalʼa tumanidagi 40-umumiy oʻrta taʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, “Shuhrat” medali sohibasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?