Qoraqalpogʻistonda Tadbirkorlar Kengashi tashkil etildi

19:25 15 May 2024 Jamiyat
254 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev qoraqalpogʻistonlik ilgʻor tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida Joʻqorgʻi Kenges Raisi soʻnggi yillari yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bu borada faqat Qoraqalpogʻiston uchun qabul qilingan qaror va farmonlar asosida biznes muhitini yaxshilash, investitsiya jozibadorligini oshirish boʻyicha oldin boʻlmagan oʻzgarishlar yuz berayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash borasida Tadbirkorlar Kengashini tashkil etish taklif etilib, bir ovozdan maʼqullandi.

Kengash Raisi sifatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Yesmurzayev Joldasbay Tangatarovich saylandi.

Kichik, oʻrta va yirik tadbirkorlar bilan yaqindan muloqotni yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha tegishli takliflarni ishlab chiqish, muammolarga birgalikda yechim topish, yoshlarning va tashabbuskor tadbirkorlarning Start up loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish, tayyor loyihalarga investorlarni jalb qilish va investorlar uchun istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish, biznes turizmini yoʻlga qoʻyish kabi muhim vazifalarni amalga oshirish Tadbirkorlar Kengashining asosiy maqsadi sifatida qaralmoqda.

Albatta, yangi Kengash tuzilishi tadbirkorlik muhitini yaxshilash barobarida hududda yangi ish oʻrinlari yaratilishiga zamin yaratadi. Bu esa, Qoraqalpogʻiston aholisining turmush farovonligini yaxshilash, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish yoʻlidagi muhim qadamlarning biri boʻlishi shubhasizdir.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер