Qoraqalpogʻistonda “Mehr harakati” boʻlib oʻtmoqda

13:06 09 Dekabr 2022 Jamiyat
434 0

Mamlakatimizda ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalarga har tomonlama koʻmaklashish borasida xayrli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, hozirgi qish-qirovli kunlarda yanada qiyin sharoitlar bilan yuzma-yuz kelgan bunday oilalarga yordam qoʻlini choʻzish maqsadida Qoraqalpogʻistonda “Mehr harakati” boshlandi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev tashabbusi bilan boshlangan mazkur harakat doirasida barcha tumanlardagi nochor sharoitda yashayotgan xonadonlar roʻyxati zudlik bilan shakllantirildi. Ana shu roʻyxatga kiritilgan oilalarni joyiga borib koʻrish va ularga amaliy yordamlar koʻrsatish, uy-joylarini taʼmirlash ishlarini tashkil etish maqsadida vazirlik, boshqarma, korxona-tashkilotlar rahbarlaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi hamda tumanlarga biriktirildi.

Ayni paytda “Mehr harakati” doirasida yordamga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga xonadon uchun zarur boʻlgan maishiy texnikalar ham tarqatilmoqda.

— “Mehr harakati” doirasida Qoraoʻzak tumanidagi 14 oilaga koʻmak berish va xonadonlarini taʼmirlashni belgilab olganmiz, - deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri A. Reimbayev. — Biz hududiy boʻlim xodimlarimiz bilan birgalikda sharoiti ogʻir xonadon vakillari bilan suhbatlashdik. Ularga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi bayrami munosabati bilan un, yogʻ va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari sovgʻa qilindi. Shuningdek, kunlar isishi bilan xonadonlarda taʼmirlash ishlarini rejalashtirib, hozirda zarur boʻladigan qurilish materiallari hisob-kitoblari ishlab chiqilmoqda.

Muhtojlarga koʻmak berish, insonlar oʻrtasida mehr-oqibat rishtalarini keng quloch yozishiga sababchi boʻlish ham insoniylikning yuksak namunasidir. Qoraqalpogʻistonda boshlangan “Mehr harakati” bu borada amalga oshiriladigan ishlar qamrovini yanada kengaytirishi bilan ahamiyatli. Shu kunlarda ob-havo qanchalik sovuq boʻlmasin, Orolboʻyi hududidagi rahbar va masʼul xodimlar “Mehr harakati” doirasidagi tadbirlarni bir zum ham toʻxtatmayaptilar.

Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?