Qoraqalpogʻistonda “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazilmoqda

17:09 29 Iyun 2021 Jamiyat
532 0

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Maʼnaviyat festivali” boʻlib oʻtmoqda. Festival doirasida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuv va seminar-treninglar boʻlib oʻtmoqda.

Ayniqsa, festivalning birinchi kuni I.V. Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi oldida tashkil etilgan konsert dasturi koʻpchilikka manzur boʻldi.

Dastlab, sanʼatkorlar tomoshabinlar tomonidan qarsaklar bilan kutib olindi.

“Yangi Oʻzbekiston” videoroligi namoyish bilan boshlangan konsert dasturini Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston boʻlimi rahbari T. Atamuratov ochib berdi va hududda “Maʼnaviyat festivali”ni yuqori saviyada oʻtishi uchun katta tayyorgarlik koʻrilganini, mazkur festival doirasida amalga oshirilayotgan har bir loyiha oʻzining natijasini bermasdan qolmasligini, buning uchun barcha faollar birlashib, harakat qilishayotganini aytdi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari M. Hojimatov soʻzga chiqib, qoraqalpoq xalqi oʻziga xos madaniyatga ega ekanini, amalga oshirilayotgan har bir loyihada bu eʼtiborga olinganini bildirdi. Mamlakatimizda har bir hududning oʻrganish lozim boʻlgan, oʻrnak olsa arziydigan odatlari bor, — deydi u. — Buni boshqa hududlarda ham targʻib etish yaxshi samara berishi mumkin. Masalan, isteʼdodli yoshlarning hududlararo uchrashuvlarini tashkil etish ham yaxshi samara beradi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari M. Hojimatov Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi raisi Murat Kamalovga Tashakkurnoma hamda Mir Alisher Navoiyning Hamsa asarini topshirdi.

Sahnaga birin-ketin Qoraqalpogʻistonning eng iqtidorli yoshlari taklif etildi. “Mening farzandim — Oʻzbekiston faxri!” shiori ostida oʻtkazilayotgan respublika anjumanida ishtirok etgan, turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, sport musobaqalarida yuqori oʻrinlarni egallagan tashabbuskor va bilimli yoshlar hamda ularning ota-onalariga tashakkurnoma va sovgʻalar topshirildi.

Konsert dasturning badiiy qismi «Ayqulash» Qoraqalpoq respublikasi milliy folklor ansambili raqqoslari tomonidan “Orol yigitlari” raqsi bilan boshlandi.

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Muyassar Razzoqova ijrosidagi “Vatanda” qoʻshigʻini barcha ishtirokchilar tik oyoqda turib, sanʼatkorga qoʻshilib kuylashdi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Respublikasi akademik musiqali teatri vokal artisti Saparboy Shermanov, “Nihol” mukofoti laureati Navroʻz Muhammaddiyorov «Ajiniyaz» operasidan Ajiniyaz areasi hamda “Maysaraning hiylasi” operasidan ham parchalar kuylashdi.

Oʻzbekiston xalq artisti Zamira Suyunova ijrosidagi “Bogʻi shamol”, “Sallamno” qoʻshiqlari odamlarning kayfiyatini koʻtardi.

Ayniqsa, Oʻzbekiston xalq artisti Mansur Toshmatovning “Fasli Bahor”, “Shirin ertaklar” qoʻshiqlarini yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan insonlar zavq bilan tinglashdi.

Konsert dasturi festival ishtirokchilarida oʻzgacha taassurot qoldirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?