Qoraqalpogʻistonda havodan ichimlik suvi olish yoʻlga qoʻyildi

09:41 09 Iyun 2021 Iqtisodiyot
329 0

“Oʻzgidromet” tashabbusi bilan Qorakalpogʻiston Respublikasida joylashgan Chimboy tumani meteostansiyasiga atmosfera havosidan ichimlik suvini ishlab chiqarish “atmosfera suv generatori” (Airaqua - 7-ta tozalash filtridan iborat) qurilmasi tajriba (sinov) tarzida ishga tushirildi. Bu haqda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur qurilma ichimlik suvi yetib bormagan va yetkazib berish iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadigan hududlarga moslashtirilgan. Ushbu innovatsion texnologiya sinov tariqasida yoʻlga qoʻyildi va undan olinayotgan statistik maʼlumotlardan foydalangan holda respublikamizdagi boshqa meteostansiyalarga oʻrnatish rejalashtirilmoqda.

Atmosfera havosi namliklarning ulkan rezervuari ekani hisobga olinsa, atmosfera suv generatorini oʻrnatish atmosfera suvini ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng samarali qurilma deyish mumkin. Shuni taʼkidlash lozimki, ushbu moslama distillangan suvdan ham tozaroq suv olish imkonini beradi.

Qurilma atmosfera havosi namligiga va haroratga qarab kuniga taxminan 12 litrdan 30 litrgacha ichimlik suvi yetkazib berish imkonini beradi. Koʻp quvvat (1 kVt) talab qilmasligi, ixcham, ekologik toza, foydalanishda texnik jihatdan inson hayotiga xavfsizligi uning qulay jihatlaridan biridir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?