Qoraqalpogʻistonda DMC innovatsion klinikasi Beruniy filiali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

13:42 18 Oktyabr 2020 Jamiyat
336 0

Joriy yilning 17-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida DMC koʻp tarmoqli innovatsion klinikasining filiali rasman ochildi. Mazkur klinika Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Toshkent shahridagi DMC Innovatsion Klinikasiga tashrifi davomida uning tajribasini tarqatish, yuqori sifatli, zamonaviy tibbiy yordamni respublikaning eng chekka hududlariga yetkazish toʻgʻrisida topshirigʻiga asosan tashkil etildi.

Klinikaning ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Atadjan Xamrayev, Beruniy tumani hokimi Saparbayev Otabek Xudoybergenovich, DMC klinika rahbari Zulfiya Ruzmetova, nuroniylar soʻzga chiqdi. Tadbirda OʻzR Prezidenti huzuridagi Xalqaro Orolboʻyi innovatsiya markazi direktori, Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari, deputatlar, yetakchi shifokorlar, OAV vakillari, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutasaddi shaxslari, nuroniylar va boshqalar ishtirok etdi.

- Hozirgi vaqtda mamlakatimizda ulkan iqtisodiy va ilm-fan taraqqiyoti yoʻlidagi yangiliklar innovatsion gʻoyalarga asoslangan holda amalga oshirilmoqda, - dedi I.Abdurahmonov. - Shu jumladan, sogʻliqni saqlash tizimida ham innovatsion gʻoyalarga asoslangan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda esa mana shunday ishlardan biri – Beruniy DMC innovatsion klinikasi yaqqol misol boʻla oladi. Beruniy DMC innovatsion klinikasi Qoraqalpogʻiston Respublikasida birinchilardan boʻlib ochilayotgan koʻp tarmoqli innovatsion klinika hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu klinika Qoraqalpogʻiston sogʻliqni saqlash tizimiga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni olib kirdi deb aytsak xato boʻlmaydi. Klinikaga eng soʻnggi turdagi zamonaviy tibbiyot uskunalari oʻrnatilgan, klinika binosi esa hech qanday klinikalarni takrorlamagan tarzda qurib bitkazilgan. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, Beruniy DMC innovatsion klinikasi sogʻliqni saqlashning bir necha yoʻnalishlari, yaʼni kardiologiya, oftalmologiya, lor, ortopediya, stomatologiya, klinik laboratoriya va instrumental tekshiruvlar kabi yoʻnalishlar boʻyicha, jahon standartlariga mos ravishdagi yuqori darajali tibbiy xizmatlarni koʻrsata oladi. Shuningdek, klinikada jarrohlik boʻlimining mavjudligi fuqarolarga shu joyning oʻzida malakali tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratadi.

Klinikaning pastki qavatida turli xil tadqiqotlar oʻtkazish imkoniyatini beradigan zamonaviy uskunalar va yuqori samarali analizatorlar bilan jihozlangan shifokorlar xonasi va klinik-biokimyoviy xona mavjud. Har bir shifokorning ish joyi zamonaviy kompyuter bilan jihozlangan. Kompyuterlarda tibbiyot muassasalari uchun maxsus dastur mavjud. Kompyuterlar yagona mahalliy tarmoqqa va internet orqali markazlashtirilgan maʼlumotlar bazasiga ega boʻlib, u Toshkent shahridagi DMC klinikasida serverda joylashgan.

Zamonaviy uskunalar va yuqori samarali analizatorlar bilan jihozlangan klinik va biokimyoviy laboratoriya turli tadqiqotlar oʻtkazish imkonini beradi. Shuni taʼkidlash kerakki, tadqiqot uchun faqat yuqori sifatli, sertifikatlangan reaktivlardan foydalaniladi.

Klinikaning ikkinchi qavatida jarrohlik boʻlimi mavjud boʻlib, unga ikkita jarrohlik xonasi, jarrohlikdan soʻng tiklanish xonasi va boshqa zarur xonalar kiradi. Jarrohlik xonalarida barcha kerakli koʻz jarrohligiga oid asbob uskunalar va boshqa jihozlar bilan taʼminlangan.

Klinika faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida 1 yilda 5000 dan ortiq bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish hamda 800 dan ortiq bemorlarga jarrohlik amaliyotini oʻtkazish imkoniyati yaratiladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Beruniy DMC innovatsion klinikasining bundan keyingi hamkorlikdagi faoliyati sogʻliqni saqlash tizimidagi innovatsiyalar, ilm-fan va texnika yutuqlarini yuqori choʻqqilarga olib chiqishda hamda aholi salomatligini yaxshilash borasida xizmat qila oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?