Qoraqalpog‘iston: Talabalar xorijlik olimlar bilan xalqaro arxeologik ekspedisiyada ishtirok etmoqda
Foto: «Xalq so‘zi»
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti bilan Rossiya Federasiyasi Qozon federal universiteti o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasi asosida Nukus tumani hududidagi Kerder madaniyatiga tegishli bo‘lgan «Hayvonqal’a» yodgorlik majmuasida xalqaro arxeologik ekspedisiya o‘tkazilmoqda.
Nukus Nukus davlat pedagogika instituti axborot xizmati rahbari Islam Matekovning ma’lumot berishicha, xalqaro miqyosda birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur arxeologik ekspedisiyada Rossiya Federasiyasi Tatariston Respublikasi Fanlar Akademiyasi A.X.Xalikov nomidagi Arxeologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Ayrat Sitdikov rahbarligidagi olimlar, shu bilan birga Rossiya, Qozog‘istonning oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan 20 dan ortiq mutaxassislar, shuningdek, institutning Tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etmoqda.
– Bu bizlarning nazariy bilimlarimizni amaliyotda mustahkamlash imkoniyatini beradi, - deydi Nukus davlat pedagogika instituti Tarix fakulteti talabasi J.Jollibayeva. E’tiborlisi, men Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning qoraqalpog‘istonlik talaba-yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida xorijiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda talabalari bilan tajriba almashish imkoniyatini beruvchi xalqaro ekspedisiyalar tashkil etish taklifini bildirgan edim. Mana, bugun men va men bilan birga tahsil olayotgan yoshlar shunday imkoniyatga ega bo‘layapmiz. Buning uchun talbalar nomidan tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik bildiraman.
«Hayvonqal’a» arxeologik yodgorligida amalga oshiriladigan xalqaro ekspedisiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad arxeologik qazishma ishlari natijasida topilgan buyumlar hamda madaniy qatlamlar bo‘yicha xalqaro ilmiy fikrni shakllantirish, shuningdek, ilmiy xulosalar chiqarish uchun belgilangan ishlarni bajarishdan iborat.
Buning uchun institut tomonidan 1 milliard 400 million so‘mga maxsus chodirlar hamda 4 milliard so‘mga qazishma ishlarida foydalaniladigan arxeologik asbob-uskunalar sotib olindi.
Ma’lumot uchun: Xalqaro arxeologik ekspedisiya ishlari shu yilning 10 iyungacha davom qilishi rejalashtirilgan. Bunda to‘plangan materiallar asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ularning natijalarini xalqaro miqyosda e’lon qilish, institutning Tarix fakulteti talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot davomida mustahkamlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish xalqaro ilmiy-arxeologik ekspedisiyadan kutilayotgan asosiy natijalar hisoblanadi.
Gʻ.Otajonov, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring