Qorakoʻlda Oltiariq tajribasi asosida uzum yetishtiriladi

09:47 21 Avgust 2021 Jamiyat
254 0

Qorakoʻl tumanida Fargʻona viloyati Oltiariq tumani tajribasiga tayangan holda uzumchilikni rivojlantirish rejasi tuzildi. Bu rejaga davlatimiz rahbarining 2021-yil 28-iyuldagi “Uzumchilikni rivojlantirish, alkogol va tamaki bozorini tartibga solish mexanizmlarining samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori turtki berdi.

Gap shundaki, mazkur qarorga koʻra, Qorakoʻl tumani ham uzumchilikka ixtisoslashdi.

— Salkam qirq yildirki, uzumchilik ortidan roʻzgʻor tebratib kelyapmiz, — deydi qadimiy Poykent qishlogʻida yashovchi Sofiya Beshimova. — Agar risoladagidek parvarish qilinsa, tokzorning turgan-bitgani xazina. Qorakoʻlimiz uzumchilikka ixtisoslashgan tumanlar qatoridan oʻrin olganini eshitib, juda xursand boʻldik. Bundan ming yil muqaddam ham Poykentda yetishtirilgan uzumdan tayyorlangan mayizni ajdodlarimiz olis yurtlarga etib sotishgani haqida eshitganimiz bor. Shu anʼanalar qayta tiklanishiga yaqin qoldi.

Qarorga muvofiq, 2021-2022-yillarda tumandagi klasterlar, yirik fermer xoʻjaliklari va aholi tomorqalarida jami 3 ming gektar yerda yangi uzumzorlar barpo etiladi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?