“Qoradori-2022”: Giyohfurushlik maqsadida jinoiy til biriktirgan shaxslarning qilmishi fosh etildi

22:20 20 Avgust 2022 Jamiyat
382 0

Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan “Qoradori-2022” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida, taqiqlangan ekinlarni, yaʼni, tarkibida giyohvandlik vositalari boʻlgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish bilan shugʻullanib kelgan bir guruh shaxslarning jinoiy qilmishi fosh etildi.

Jumladan, joriy yilning 12-avgust kuni viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan Urganch shahrida oʻtkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda Urganch shahrida yashovchi, 1974-yilda tugʻilgan, Yu.Q. 5 ta gugurt qutisiga joylashtirilgan “marixuana” giyohvandlik vositasini tanishiga 1.000.000 soʻmga sotayotgan paytida qoʻlga olindi.

Surishtiruv jarayonida u ushbu giyohvandlik vositasini Hazorasp tumanida yashovchi, ilgari giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan, 1985-yilda tugʻilgan, D.M. dan sotib olganligi aniqlanganligi sababli, shu kuni nazorat tartibida oʻtkazilgan tadbirda D.M. oʻzining doimiy “mijoz”iga takroran 5 ta gugurt qutisiga joylashtirilgan “marixuana” giyohvandlik vositasini 1.000.000 soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Shundan keyin olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida ushbu “marixuana”ni yetkazib berayotgan shaxsni ham aniqlashga erishildi. Hazorasp tumanida yashovchi, 1972-yilda tugʻilgan, I.B. uyining tomorqasida tarkibida giyohvandlik vositasini saqlovchi 3 tup “kannabis” oʻsimligini qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

Giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olinib, jamiyatda “zahri qotil”ni tarqatish maqsadida oʻzaro til biriktirgan yuqoridagi shaxslarning qilmishiga chek qoʻyildi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?