Qora laylak — kamyob tur. Ammo ularni “Surxon” qoʻriqxonasida uchratish mumkin

20:22 14 Aprel 2020 Jamiyat
897 0

“Surxon” davlat qoʻriqxonasi hududida “Qizil kitob”ga kiritilgan tabiatan kamyob tur qora laylaklar borligi aniqlandi. Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Matbuot xizmati maʼlumoti koʻra, qora laylaklar Gʻarbiy Tyan-Shan, Gʻarbiy Pomir-Oloy tekisliklari va pasttogʻli hududlarida, Oʻzbekistondan tashqari Qozogʻiston, Yevropa, Gʻarbiy Osiyo, Sibir, Uzoq Sharq, Koreya, Xitoy shimoli (uyalash) Afrika, Hindiston, Xitoy janubida (qishlash) uchraydi.

Bahorgi uchib oʻtishi fevral-mart oylarida kuzatiladi. Qoyalar va jarliklarda uyalaydi. Aprel-may oyida 2-5 ta tuxum qoʻyadi. Poloponlari iyun-iyul oyida ucha boshlaydi. Kuzgi uchib oʻtishi avgust-sentyabr oylarida kuzatiladi. Mayda baliqlar, qurbaqalar, sudralib yuruvchilar va umurtqasizlar bilan oziqlanadi.

Taxminan 70 jufti uyalaydi, yuzdan ortigʻi uchib oʻtadi. Qurama togʻining shimoliy yonbagʻirlarida 4-5 juft, Chotqol togʻining Qoraboshsoy, Shovozsoy, Aqchasoy, Qoraboysoyida kamida 10 juft. Sheroboddaryoda 1 juft. “Surxon” davlat qoʻriqxonasida 10-12 juft atrofida uyalaydi.

Surxondaryo viloyatida turli yillarda 50–80 donagacha ushbu turga mansub qushlarni uchratish mumkin. Keyingi oʻn yilliklarda Gʻarbiy Tyan-Shanda soni biroz oshgani kuzatilmoqda. Dunyodagi populyatsiyasi 24–44 mingta deya eʼtirof etiladi.

Qora laylaklarni ovlash taqiqlangan. Togʻ qoʻriqxonalari va milliy tabiat bogʻlarida muhofaza ostiga olingan. SITESning II va Bonn konvensiyasining II ilovasiga kiritilgan.

Ilhom Rahmatov, 
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?