Qoʻqonda xalqaro festivalga tayyorgarlik ishlari qoniqarlimi?

15:40 25 Mart 2022 Jamiyat
411 0

Foto: Халқ сўзи

Maʼlumki, shu yilning sentyabr oyida Qoʻqon shahrida II Xalqaro hunarmandchilik festivali boʻlib oʻtadi. Ayni kunlarda latif shaharda ushbu nufuzli anjumanga jiddiy taraddud koʻrilmoqda.

Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov viloyat sektorlari rahbarlari hamrohligida Qoʻqon shahrida xalqaro festivalga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.

Festivalning asosiy tadbirlari oʻtkaziladigan tarixiy Oʻrda maydonida boʻlgan viloyat rahbari hududni obodonlashtirish, landshaft arxitekturasi asosida manzarali daraxtlar sonini koʻpaytirish, tantanali ochilish va yopilish marosimlari boʻlib oʻtadigan sahna konsepsiyasini yanada takomillashtirish, qayta bezash boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

— Oʻrda maydoni bir butun ansambl sifatida toʻliq tarixiy manzarani aks ettirishi zarur, — dedi Xayrullo Bozorov. — Koʻhna tarix va zamonaviy taraqqiyotni oʻzida mujassam etgan Qoʻqon shahriga kelgan har qanday sayyoh bu borada yetarli tushunchaga ega boʻlishi kerak.

Taraddud ishlarini oʻrganish jarayonida festivalga tayyorgarlik koʻrish shtabi faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, yangidan tashkil etilayotgan Furqat bogʻi loyihasi ham koʻzdan kechirildi. Loyihani qayta ishlash, bogʻni aholi madaniy hordiq chiqaradigan soʻlim goʻshaga aylantirish uchun tegishli oʻzgarishlar kiritish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?