“Qoʻqon shamoli” tomoshabinlarni oʻtmish sahnasiga olib kira oldimi?

16:06 20 Dekabr 2019 Madaniyat
1586 0

Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Qoʻqon shamoli” tarixiy-badiiy filmi premyerasi boʻlib oʻtdi. Ushbu kinokartina har bir tomoshabinda oʻziga xos fikr-mulohaza uygʻotishi tabiiy.

Panada qolgan tarixiy voqelik

Filmda Qoʻqon xonligidagi XVIII asr oxiri — XIX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, adabiy muhit va Amiriy taxallusi bilan ijod qilgan Amir Umarxon hamda uning ayoli — betakror shoira Nodirabegimning hayoti yoritilgan. Kino ijodkorlari Amir Olimxon oʻlimining sababchisi ukasi Amir Umarxon boʻlmagani, bu dushmanlar tomonidan uyushtirilgan fitna boʻlganini aks ettirishga harakat qilgan.

Ammo tarixiy manbalardan yetarlicha foydalanilmagan jihatlar ham bor. Masalan, Amiriy va Mohlaroyimning muhabbati haqidagi voqelik. Unga koʻra, kunlardan bir kun Amiriy va Nodirabegim bir masala yuzasidan tortishib qoladilar va xon jahl ustida rafiqasiga saroydagi oʻzingiz uchun eng qimmatli narsani oling-da, ota uyingizga boring, deb buyuradi. Shoira ham koʻnib, Amiriyni uyqudaligida aravaga ortib, yoʻlga ravona boʻladi. Xon uygʻonganida aravada ketayotganini koʻrib, Mohlaroyimdan vaziyatga izoh soʻraydi. Mohlaroyim xonning saroydagi eng qimmatli narsani oling degan gaplarini eslatadi va bu orqali eng qimmatli boylik bu uning umr yoʻldoshi ekanini anglatadi. Xon bundan qattiq taʼsirlanadi va birgalikda saroyga qaytadilar. Agar mana shu yoki shunga oʻxshash tarixiy voqealar filmga kiritilganida ikki shoirning yuksak muhabbati yanada yorqin aks etgan boʻlar edi, nazarimizda.

Yosh aktrisa oʻz rolini uddalay olganmi?

Har qanday film, ayniqsa, tarixiy kinokartinada aktyor oʻz obrazining xarakterini ochib bera olishi kerak. Qattiqqoʻl, badjahl, berahm xarakter tasvirini koʻrsatish uchun kishi oʻsha tabiatni oʻziga-da singdirishi lozim boʻladi. Asarda Nodirabegim rolini ijro etgan aktrisadan ham shoiralikni, ayni paytda qatʼiyatli davlat arbobiga xos xususiyatlarni namoyon qila olish talab etildi. Nodirabegim rolini ijro etgan yosh aktrisa Rayhon Asatova bunga muvaffaq boʻlgan, deyish mumkin.

Nima uchun “Qoʻqon shamoli”?

Qoʻqon xonligi tarixi talo-toʻplarga, dramatik jarayonlarga boy. Filmda ushbu voqealar xuddi vayronkor Qoʻqon shamoli kabi koʻplab taqdirlarni oʻzgartirib yuborgani, tuhmat va alamlar ichra qolgan inson kechinmalarini jonlantirishga harakat qilingan. Shu bois film nomini ramziy maʼnoda qabul qilish kerak. Aktyorlar mahorati, syujet mukammalligi, oldiga qoʻyilgan maqsadlarga qanchalik yetilganiga esa tomoshabin baho beradi.

Yulduz OʻRMONOVA

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?