Qoʻqon shahrida “Yangi Qoʻqon” turar joy majmuasini barpo etish ishlari yakunlanmoqda

10:02 10 Fevral 2026 Jamiyat
608 0

Ayni kunlarda koʻhna va hamisha navqiron Qoʻqon shahri yangi qiyofa kasb etib, tobora zamonaviy manzaralar bilan boyib bormoqda. Xususan, “Yangi Qoʻqon” massivida barpo etilayotgan koʻp qavatli turar joy binolari shahar meʼmoriy koʻrkiga yanada salobat va muhtashamlik bagʻishlamoqda.

Shaharning “Aziztepa” mahalla fuqarolar yigʻini hududida qad rostlayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi tarkibidagi “Yangi Qoʻqon” turar joy majmuasida jami 56 ta koʻp qavatli uy qurilishi yakunlanish arafasida. Yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ushbu majmuada qariyb 4 ming 400 ta xonadon egalari yangi uy toʻylarini nishonlashi kutilmoqda.

Qurilish jarayonlarida zamonaviy yondashuvlar, innovatsion gʻoya va ilgʻor tajribalardan keng foydalanilmoqda. Xususan, binolarning xavfsizligi va zilzilabardoshligini taʼminlashda Turkiya tajribasi joriy etilgan. Shuningdek, majmuada tashkil etilgan ipoteka markazi orqali uy-joy xaridi tizimida ham yangi mexanizm qoʻllanilmoqda. Unga koʻra, uy xaridi bevosita xaridor va bank oʻrtasidagi kelishuv asosida rasmiylashtirilib, qurilish tashkilotlari ushbu jarayonga jalb etilmaydi.

Yangi turar-joy massivida aholi uchun munosib yashash muhitini yaratish, zamonaviy va qulay infratuzilmani shakllantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Landshaft arxitekturasi asosida yashil hududlar, dam olish va hordiq chiqarish maskanlari barpo etilib, toza havo va barqaror ekologik muhitni taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

— Ezgu tashabbuslar doirasida shahrimizda qurilish sohasida istiqbolli loyihalar koʻlami yildan yilga kengayib bormoqda, — deydi Qoʻqon shahar hokimi oʻrinbosari Aziz Sulaymonov. — Yaqin kunlarda xitoylik investorlar ishtirokida zamonaviy savdo kompleksi, mehmonxona hamda koʻp qavatli turar-joy binolari qurilishiga start berilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Renovatsiya dasturi asosida shaharning Sharof Rashidov, Charxiy, Muqimiy, Imom Buxoriy, Amir Temur, Shohruhobod va Guzar koʻchalari hududlarida ham koʻp qavatli turar-joy binolari qurish ishlari yaqin vaqt ichida boshlanishi koʻzda tutilgan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?