Qoʻqon shahrida Turkiy Kengashning Turizm vazirlarining VI yigʻilishi oʻtkaziladi

23:35 11 Iyun 2021 Jamiyat
1023 0

23-24-iyun kunlari Qoʻqon shahrida Turkiy kengash turizm masalalari vazirlarining VI yigʻilishi va Turizm boʻyicha ishchi guruhning XV yigʻilishi boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019- va 2020-yillarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitlari doirasida ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirish hamda tashkilot doirasida turizm sohadagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari Turkiy kengash doirasida amalga oshirilayotgan «Modern Silk Road» qoʻshma turizm marshruti loyihasiga kiritilishi taʼminlandi.

2020-yil oʻtkazilgan Turkiy kengash turizm masalalari boʻyicha vazirlarining V yigʻilishi yakuniy bayoniga koʻra, turizm masalalari vazirlarining navbatdagi VI yigʻilishi va Turizm boʻyicha ishchi guruhning XV yigʻilishini 2021-yilning 23-24-iyun kunlari Qoʻqon shahrida oʻtkazishga kelishilgan.

Bugunga qadar mazkur tadbirda Turkiy kengash Bosh kotibi Bagʻdat Amreyev, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri Aktoti Raimkulova, Qirgʻiziston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Akilbek Japarov, Ozarboyjon Respublikasi davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagiyev oʻz ishtirokini tasdiqlagan.

Yigʻilishda Kengashga aʼzo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish hamda aʼzo davlatlarning yirik shaharlari oʻrtasida xalqaro aviareyslarni tiklash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, xorijiy ishtirokchilar turizm sohasidagi istiqbolli loyihalar, ziyorat turizm imkoniyatlari, Fargʻona viloyatining hunarmandchilik, ekoturizm va gastronomik salohiyati bilan tanishtiriladi.

Taʼkidlash lozimki, Qoʻqon shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan yigʻilish Oʻzbekiston Respublikasining Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlganidan keyingi vazirlar darajasidagi birinchi tadbir hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?