“Qoʻqon” EIZda Singapur sanoat zonasi tashkil etiladi

18:25 18 Oktyabr 2023 Jamiyat
425 0

Fargʻona viloyat hokimligida Singapur ishlab chiqaruvchilar Federatsiyasi prezidenti Lennon Tan bilan videoaloqa tarzida muloqot oʻtkazildi.

Mamlakatdagi besh mingdan ortiq ishlab chiqarish korxonalarini oʻzida jamlagan ushbu yirik tashkilot vakillari bilan boʻlib oʻtgan muzokarada “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida Singapur sanoat zonasini tashkil etish istiqbollari oʻrganildi.

Muloqotda Oʻzbekistonning Singapurdagi elchisi Qahramon Shokirov, Singapur ishlab chiqaruvchilar Federatsiyasi boshqaruvi vakillari, “Qoʻqon” EIZ rahbari Farrux Rahmonov hamda Fargʻona viloyati hokimligi vakillari ishtirok etdi.

Samimiy suhbat davomida Fargʻona viloyatining iqtisodiy salohiyati hamda xorijiy davlatlar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari, “Qoʻqon” EIZda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar, bojxona va soliq toʻlovlari borasida sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulayliklar xususida maʼlumot berildi. Shuningdek, ayni paytda viloyatda Xitoy sanoat zonasi hamda Yaponiya texnoparki tashkil etish boʻyicha ham amaliy ishlarga kirishilgani taʼkidlandi.

— Bugungi muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni jadal rivojlantirish boʻyicha kelishib olindi, — deydi “Qoʻqon” EIZ rahbari Farrux Rahmonov. — Oʻzaro kelishuvga koʻra, muloqotlar davom etadi va amaliy tashriflar orqali bu borada aniq vazifalar belgilab olinadi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер