Qoʻqon shahrida Mercedes-Benz rasmiy dilerlik markazi ish boshladi

16:04 04 Aprel 2022 Jamiyat
1118 0

Foto: Халқ сўзи

Qoʻqon shahrida Oʻzbekistonda birinchi Daimler AG akkreditatsiyasiga ega Mercedes-Benz rasmiy dilerlik markazi tantanali ravishda oʻz ish faoliyatini boshladi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tadbirda ishtirok etib, Mercedes-Benz kabi jahon brendining viloyatda dilerlik markazini tashkil etishi yurtimizning iqtisodiy salohiyatiga boʻlgan ishonchdan dalolat ekanini qayd etdi. Shuningdek, bunday markazlarning ochilishi Fargʻonada xizmat koʻrsatish sifati Yevropa darajasida rivojlanishida muhim omil boʻlishini taʼkidladi.

Xalqaro standartlar asosida barpo etilgan ikki qavatli MB Kokand rasmiy dilerlik markaza avtosalon va servis markazidan iborat. Markazda sotiladigan avtomobillar toʻgʻridan-toʻgʻri Germaniya zavodidan olib kelinadi va kelishuvga binoan Daimler AG tomonidan ikki yil davomida xaridorlarga chegirmali narxlarda taqdim etiladi. Shu bilan birga ushbu avtomobillarga 18 oy kafolat xizmati koʻrsatiladi.

Yaqin kunlarda ishga tushiriladigan servis markazi Germaniyadan keltirilgan eng soʻnggi texnologiyalardagi diagnostika va taʼmirlash uskunalari bilan jihozlangan boʻlib, avtomobillarga toʻliq texnik xizmat koʻrsatish amalga oshiriladi. Bu yerda mijozlar uchun VIP kutish zonalari ham tashkil etilgan.

Ayni paytda dilerlik markazida 40 dan ziyod ish oʻrni yaratildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?