Qoʻqon shahrida 150 ta koʻp qavatli uylar, biznes markazlari barpo etiladi

00:14 09 Avgust 2022 Jamiyat
277 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida jamiyatimiz hayotining turli sohalaridagi huquqiy negizini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Xususan, deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yoʻl harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda avtomobil boshqaruviga oʻtirgan haydovchilar hushyorlikni unutib qoʻyishlari natijasida yoʻl-transport hodisalari koʻpayib ketmoqda. Bu esa kimningdir baxtli hayotiga yakun yasashi, jismonan nogironlikka olib kelishi mumkin.

Ushbu masala bugun koʻpchiligimizni oʻylantirib, qiynab kelayotgan dolzarb muammolardan biriga aylandi. Chunki yurtimizda avtotransport vositalari yildan-yilga koʻpayib, haydovchilarning malaka darajasi va oʻzaro hurmati, aksincha, pasayib bormoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi taklif qilinmoqda. Jumladan, loyihada “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga bir qator oʻzgartirishlar kiritilishi nazarda tutilyapti.

Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi haydovchilarni tayyorlovchi taʼlim subyektlariga litsenziya berish va ularni faoliyatini nazorat qilish yagona davlat organi — ichki ishlar organlari yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmalari vakolatiga oʻtkazish orqali taʼlim sifatini oshirilishiga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida faksiya aʼzolari har bitta yoʻl-transport hodisasi ortida bir emas, oʻnlab insonlar taqdiri yotishini hisobga olib, qonun loyihasini yanada takomillashtirish boʻyicha koʻplab asosli takliflar berdi. Ushbu hujjatning ahamiyati va zaruratini hisobga olib, uni maʼqullashdi.

Yigʻilishda shuningdek, “Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik, Oʻzbekiston, Dangʻara, Qoʻshtepa, Toshloq, Fargʻona tumanlari va Qoʻqon, Margʻilon, Fargʻona shaharlari chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qarori loyihasi koʻrib chiqildi.

Qaror loyihasi bilan Uchkoʻprik, Oʻzbekiston, Dangʻara, Qoʻshtepa, Toshloq, Fargʻona tumanlari hisobidan Qoʻqon, Margʻilon va Fargʻona shahri tarkibiga oʻtkazilayotgan yerlar ularning amaldagi yer fondi toifalari oʻzgartirilmagan holda oʻtkazilishi nazarda tutilmoqda.

Qoʻqon, Margʻilon, Fargʻona shaharlariga ajratilayotgan yer maydonlarida bir qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Xususan, Fargʻona shahri tarkibiga Fargʻona tumanidan oʻtayotgan yer maydoniga “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, 80 ta koʻp qavatli uy, maktab, bogʻcha va oilaviy poliklinika qoʻrilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Qoʻqon shahri tarkibiga Uchkoʻprik, Oʻzbekiston, Dangʻara tumanlaridan oʻtayotgan yer maydonlarida 150 ta koʻp qavatli uylar, biznes markazlari, umumiy oʻrta taʼlim va maktabgacha taʼlim muassasalari barpo etilishi hamda Margʻilon shahri tarkibiga Qoʻshtepa, Toshloq, Fargʻona tumanlari hisobidan oʻtayotgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalarini, 108 ta koʻp qavatli turar joy binolar qurilishi koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?