Qoʻqon nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qildi

19:08 10 Iyun 2022 Jamiyat
229 0

Foto: Xalq so‘zi

Qoʻqon universitetida “Qoʻqon xonligining Turkiy xalqlar davlatchiligi rivoji va madaniy merosida tutgan oʻrni” mavzuida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimiz olimlari bilan birga Turkiya, Vengriya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston singari davlatlar vakillari, yurtimiz oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyatlari aʼzolari ishtirok etdi.

Xalqaro konferensiya yalpi majlisini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov kirish soʻzi bilan ochdi.

—Prezidentimiz tashabbusi bilan 2021-yil iyun oyida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti yigʻilishida Qoʻqon shahri "Turkiy dunyo turizm poytaxti” deya eʼlon qilingani barchamizga yaxshi maʼlum,-dedi A. Abduhakimov. — Qoʻqon universitetida oʻtkazilayotgan bugungi xalqaro konferensiyaning maqsadi Qoʻqon xonligining turkiy xalqlar davlatchiligi hayotida tutgan oʻrni, madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasini keng targʻib qilishga qaratilgan.

Ayni jarayonda Turizm va madaniy meros vazirligi saʼy-harakatlari bilan “Muqaddas ziyorat” loyihasi doirasida turkiy xalqlar oʻrtasida ziyorat turizmi jadal rivojlanyapti. Anjumanda muhokama qilinadigan barcha ilmiy mavzular oʻlkamiz tarixini oʻrganishga munosib hissa qoʻshishiga ishonamiz.

Shundan soʻng konferensiya ishtirokchilari ikki kun mobaynida sessiyalarda oʻzaro tajriba almashib, mazkur tashabbus doirasida turkiy xalqlar tarixida yangi sahifa ochilayotgani va hamkorlik anʼanalarining yangi bosqichi boshlanganini eʼtirof etdilar.

— Qoʻqon turkiy dunyo madaniy merosiga beqiyos hissa qoʻshgan Fargʻona vodiysining yorqin durdonasi, — dedi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – Turksoy bosh kotibi Sultanbay Rayev. —Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz ahil-inoqlikda umrguzaronlik qilayotgan latif shahar azaldan bagʻrikenglik, madaniyat, sanʼat va adabiyot markazlaridan biri hisoblanadi. Turk davlatchiligining har tomonloma rivojlangan shahri sifatida tanilgan Qoʻqon oʻzining meʼmoriy qiyofasi, insonparvarlik va bagʻrikenglik madaniyati bilan nafaqat Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi, balki butun insoniyat rivojida muhim oʻrin tutadi.

Xalqaro konferensiya oʻzbek, turk, ingliz va rus tillarida maʼruzalar tinglandi. Maʼruzachilar konferensiya ishtirokchilarini mavzu yuzasidan olib borgan tadqiqotlari natijalari bilan tanishtirdi. Ilmiy-amaliy muloqotlarda Qoʻqon xonligining oʻlka madaniy hayotida tutgan oʻrni, taʼlim tizimi, adabiy muhit, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayoti xususida soʻz yuritildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari uchun “Qoʻqon – Rishton – Margʻilon” boʻylab sayohat tashkil etildi. Xudoyorxon oʻrdasida tarixiy spektakl, teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi. Tarixiy yodgorliklar, hunarmandchilik ustaxonalari, ipak va boshqa milliy hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishuv mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Konferensiya ishtirokchilari uchun Qoʻqon universiteti boʻylab kampus-tur uyushtirilib, mehmonlar oʻquv binolari, Students Hostel, yangi bunyod etilayotgan turizm fakulteti binosi loyihasi, axborot-kutubxona markazi faoliyati, Turkiy xalqlar mutafakkir-adiblarining boy merosiga bagʻishlab oʻrnatilgan “Tafakkur gulshani” monumenti bilan tanishdilar.

Konferensiyaga yuzdan ziyod olimlar tomonidan taqdim etilgan maʼruzalar va ilmiy-amaliy maqolalar kitob holida nashr qilinadi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер