Qoʻqon davlat pedagogika institutida AQSHlik oʻqituvchi talabalarga dars berishi kutilmoqda

17:16 10 Sentyabr 2021 Jamiyat
282 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizda chet tillarini oʻqitish masalasiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni oʻrganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorning ijrosini taʼminlash va oʻquv jarayoni sifatini oshirish ishlari doimiy eʼtiborda.

2021-yil 9-sentyabr kuni AQSH elchihonasining madaniyat boʻyicha mutaxassisi Sara Talalay, amerikalik koʻngilli mutaxassislar Patrik Pause, Eleanor Beyker, Karli Zilge va ELP koordinatori yordamchisi Umida Boltayeva  Qoʻqon davlat pedagogika institutiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Qoʻqon shahar hokimi M. Usmonov, institut rektori D. Xodjayeva, oʻquv ishlari prorektori N. Joʻrayev hamda Xalqaro hamkorlik boʻlimi boʻshligʻi A. Najmiddinov kutib oldi.

Oʻzaro muloqotda shahar hokimi M. Usmonov tomonidan Qoʻqon shahri tarixi, buguni va kelajagi haqida oʻzaro fikr almashildi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash muhim ekanini alohida taʼkidlandi. Institut rektori D. Xodjayeva taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlikdan mamnunligini va bu boradagi hamkorlik aloqalari yanada kengayishi ikki tomonlama manfaatli ekanligiga toʻxtalib oʻtdi. Oʻz navbatida, mehmonlar ham samimiy qabul uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Uchrashuv yakunida har ikki tomon taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlikni izchil rivojlantirishga qaratilgan bunday saʼy-harakatlarni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.

Uchrashuvdan soʻng mehmonlar Xorijiy tillar fakultetiga tashrif buyurib, u yerda xorijiy tillarni oʻrganish uchun yaratilgan sharoitlar, oʻquv jarayonlari bilan tanishdi.

Qoʻqon davlat pedagogika instituti matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi modemnomasiga asosan ingliz tili mutaxassisi Pavers Patrik Daylan Qoʻqon Davlat pedagogika institutining Inliz tili va adabiyoti kafedrasida oʻqituvchi assistent lavozimida faoliyat olib borishi kutilmoqda. U asosan I-II bosqich talabalariga “Ogʻzaki va yozma nutq integratsiyalari” fanidan darslar oʻtadi. Bu bosqichda jami 300 nafar talaba tahsil oladi. Bundan tashqari, talabalar uchun «Speaking club» mavzularidagi darsdan tashqari mashgʻulotlar olib borilishi koʻzda tutilgan. 

Eslatib oʻtamiz, 2018-yil may oyida AQSH va Oʻzbekiston hukumatlari oʻrtasida taʼlim boʻyicha ikkita kelishuvga erishilgan. AQSH Davlat departamenti hamda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi imzolagan hujjatlarda AQSH oliy oʻquv yurtlari hamda Markaziy Osiyo universitetlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekistonda ingliz tilini oʻqitish uchun moliyaviy koʻmak dasturlarini kengaytirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 2020-yil 28-sentyabr kuni ikki mamlakat oʻrtasida taʼlim taraqqiyotiga koʻmaklashish boʻyicha muhim kelishuv imzolangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?