Qonunda belgilangan tartibda javob berishi shart — Bloger Otabek Sattoriy bilan bogʻliq voqealarga Jurnalistlar ijodiy uyushmasi munosabat bildirdi

18:23 12 Fevral 2021 Jamiyat
1345 0

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi bilan bogʻliq voqealar mamlakatimiz media muhiti, ijtimoiy tarmoqlar diqqat markazida turibdi. Ushbu holatga Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi munosabat bildirdi.

«Bu masala boʻyicha jurnalistika sohasiga aloqador bir qator nufuzli tashkilotlar, deputat va jamoat arboblari munosabat bildirdi. Munosabatlarda bu ishda konstitutsion haq-huquq, haqiqat, adolat, soʻz erkinligiga hurmat va ochiqlik taʼminlanishi lozimligiga daʼvat etildi.

Bosh qarorgohi AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi — CPJ (Commitee to Protect Journalists) Oʻzbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi. Tashkilotning fikricha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa tashlangan. Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tim Torlot “agar tovlamachilikni isbotlaydigan dalillar boʻlmasa, mazkur hibs voqeasi nafaqat xavotirli, balki soʻz erkinligiga rahna soluvchi yana bir harakatdir”, deb tashvish bildirdi.

Bu masalada mavhumlik va ziddiyatlar koʻp. Ichki ishlar vazirligi bergan bayonotdan soʻng bahs-munozaralar yana-da avj oldi. Bunga ayrim savollar javobsiz qolayotgani sababdir.

Xususan, bozordan tanqidiy material tayyorlayotganda yuz bergan voqea uchun blogerning “tovlamachilik” da ayblangani (blogerning oʻzi ayblovni keskin rad etmoqda) uning oilasi, farzandlari, yaqinlari oldida bir necha nafar huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan vahima va shov-shuv bilan olib ketilishi uchun yetarlimi?

Biz qonun ustuvor boʻlgan mamlakatda yashayapmiz. Qonuniy haq-huquqlarimiz bilan birga burchlarimizni ham eʼtirof etamiz. Agar, qonun buzilishiga yoʻl qoʻysa, jinoyat sodir etsa, kim boʻlishidan qatʼiy nazar, u jurnalist boʻladimi, blogermi yoki boshqa kasb egasimi, albatta, qonunda belgilangan tartibda javob berishi shart. Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bu noxush voqea boʻyicha ham shunday fikrda.

IIV bayonotida aytilganidek, “tergov va sud organlarining faoliyatiga nisbatan sunʼiy ravishda salbiy munosabat shakllantirish – tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish” niyatimiz yoʻq. Aksincha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni mazkur ishni tomonlarning koʻrsatmalari va barcha holatni hisobga olgan holda xolis va haqqoniylik, adolat bilan koʻrib chiqishini, barcha fuqarolar kabi jurnalist va blogerlarning ham konstitutsion haq-huquqlari, soʻz va matbuot erkinligi buzilmasligini istaymiz», deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?