Qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda — Qonun loyihasi

09:00 18 Yanvar 2022 Jamiyat
313 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida deputatlar “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Fraksiya yigʻilishida qizgʻin muhokama qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi Prezidentning 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tasdiqlangan “yoʻl xaritasi”ning 2-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qayd etish kerak, “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonunning 22-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻlishi nazarda tutilgan.

– Biroq, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagan. Mazkur qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 2157-modda hamda 24510-modda bilan toʻldirish taklif etilmoqda, – deya taʼkidladi fraksiya aʼzosi Shohista Turgʻunova. – Taklif etilayotgan 2157-moddada davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik sifatida ochiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni eʼlon qilish tartibiga rioya etmaslik, maʼlumotlarni buzib koʻrsatish yoki ularni ochiq maʼlumotlar portaliga hamda rasmiy veb-saytlarga joylashtirishning belgilangan muddatlariga amal qilmaslik holatlari nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasining 24510-moddasida mazkur huquqbuzarlik aniqlangan taqdirda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish hamda sudga taqdim etish vakolatiga egaligi koʻrsatib oʻtilmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining ochiqlik borasida belgilangan majburiyatlarni bajarishdagi masʼuliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Fraksiya yigʻilishida koʻrib chiqilgan barcha qonun loyihalari partiya nuqtayi nazari va elektorat manfaatidan kelib chiqqan holda maʼqullandi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston XDP fraksiyasi faoliyatiga doir masala ham koʻrib chiqildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер