Qonunchilikda yangi institut: aybiga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuv

10:48 25 Noyabr 2020 Siyosat
234 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisda deputatlar dolzarb qonun loyihalari qatorida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini atroflicha koʻrib chiqdilar.

Muhokamalarda dastavval kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning nechogʻli ahamiyatga egaligiga eʼtibor qaratildi.

Jumladan, loyihaga muvofiq, jinoyat-protsessual qonunchiligi koʻrsatuvlarni oldindan mustahkamlashga oid yangi institut bilan toʻldirilmoqda. Mazkur institut surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasining samaradorligiga sezilarli ijobiy taʼsir oʻtkazib, ish yuritishni soddalashtiradi.

Shuningdek, loyiha bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga aybiga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuv instituti ham kiritilmoqda.

Xoʻsh, aybiga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuv institutining qonunchilikka kiritilishi qanday natijalarni beradi?

Aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv — ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, uncha ogʻir boʻlmagan va ogʻir jinoyatlar boʻyicha oʻziga nisbatan qoʻyilgan gumon, ayblov bilan kelishgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tomonidan bildirilgan iltimosnomaga asosan jinoyat ishini yuritishni nazorat qiluvchi prokuror bilan tuziladigan kelishuv ekanligi loyihada aniq belgilanmoqda.

Shunga asosan, Jinoyat kodeksi aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan jinoyat ishlari boʻyicha jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan tayinlanadigan jazoning muddati yoki miqdori ushbu Kodeksning maxsus qismi tegishli moddasi (qismi)da nazarda tutilgan eng koʻp jazoning yarmidan oshmasligi kerakligini belgilab beruvchi 581-modda bilan toʻldirilyapti.

Loyiha bilan jinoyat protsessida shaxsning huquqiy kafolatlari kuchaytirilayotgani eʼtiborga loyiq. Chunonchi, Jinoyat-protsessual kodeksining 51-moddasida belgilanganidek, shaxs oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotganda, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilayotganda, aybiga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilganda himoyachining ishtirok etishi shartligi mustahkamlanmoqda. Deputatlarning fikricha, bu qoidalar shaxsning huquq va manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, taklif etilayotgan qoidalar fuqarolarning jinoyat protsessiga ortiqcha jalb qilinishi kamaytirishga, murakkab boʻlmagan ishlar boʻyicha ish yuritishni qisqartirish hisobiga Davlat byudjetining sarf-xarajatlarini ham iqtisod qilinishiga xizmat qiladi. Shuningdek, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudyalarning murakkab ishlarga

koʻproq eʼtibor va vaqt ajratishlari, ishlarni har tomonlama koʻrib chiqish uchun imkoniyatlari kengayadi.

Qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?