Qonunchilik palatasi Spikeri BMTning maxsus maʼruzachisini qabul qildi

11:04 30 Noyabr 2021 Siyosat
544 0

2021-yil 29-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolaynni qabul qildi.

Muloqot avvalida mehmonlarga taraqqiyotning yangi bosqichida mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohada olib borilayotgan izchil va keng koʻlamli islohotlar, xususan, inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar xususida maʼlumot berildi.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyati, parlament quyi palatasining fraksiyalari va qoʻmitalari ish uslublari xususida ham batafsil axborot olish imkoniyatiga ega boʻldilar.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston fuqarolarining terroristik, ekstremistik yoki boshqa taʼqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga kiruvchi murojaatlarini koʻrib chiqish uchun Bosh prokuror raisligida Respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. 

Komissiya xulosasi asosida fuqarolar jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan u yoki bu darajadagi turli guruhlarga aloqador deb hisoblangan 20 mingdan ziyod fuqarolar huquqni muhofaza qilish organlarining “maxsus roʻyxati”dan chiqarildi, bunday “roʻyxatlar”ni yuritish amaliyoti tugatildi.

Muloqotda qayd etilganidek, 2019 — 2021-yillarda “Mehr” gumanitar operatsiyasi doirasida Suriya va Iroq hududlarida ogʻir ahvolda qolgan 530 nafardan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari (asosan bolalar va ayollar) vataniga qaytarildi. Ushbu fuqarolarga tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi, ularning tinch hayotga qaytishi, jamiyatda moslashishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi, uy-joy va ish bilan taʼminlash choralari koʻrildi.

Uchrashuv chogʻida keyingi besh yilda siyosiy-huquqiy hamda sudlov tizimida roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar eʼtirof etildi. Ayniqsa, inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar yuqori baholandi.

Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan uchrashuv yakunida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?