Qonunchilik hujjatlari jiddiy chigʻiriqlardan oʻtkazilgach, qabul qilinadi

09:02 22 Aprel 2021 Siyosat
324 0

Davlatimiz rahbari tomonidan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonun imzolandi. Xoʻsh, ushbu hujjatning yangidan qabul qilinishiga nima zarurat boʻldi?

Qayd etish joiz, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjat ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish jarayonida jamiyatdagi real voqelikdan orqada qolib ketmasligi, shu bilan birga, oldinga ham oʻtib ketmasligi, bundan tashqari, xalqchil boʻlishi, ularning yaratilishidan tortib, qabul qilinishiga qadar keng jamoatchilik fikr-mulohazalariga tayanilishi lozim.

Shu kabi munosabatlarga huquqiy yechim topish maqsadida yangi Qonunda bir qancha yangi tartiblar oʻrnatildi. Ularni amalga oshirish mexanizmlari yaratib berildi. Koʻplab qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelingan tartib-taomillar tizimlashgan holda qonunda oʻz aksini topdi.

Xususan, Qonunda jamoatchilik fikrini oʻrganishga alohida eʼtibor berildi. Endilikda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiquvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazishning huquqiy mexanizmi ochib berildi va hujjat loyihasi Yagona portalda oʻn besh kalendar kundan kam boʻlmagan muddatlarda muhokamalardan oʻtkazilishi mustahkamlandi.

Yana bir muhim yangilik. Normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan taqdirda kutiladigan va erishiladigan natijalar tahlil qilinadigan — tartibga solish taʼsirini baholash yangi instituti joriy etilmoqda. Yaʼni bunda normativ-huquqiy hujjat loyihasi qabul qilingan taqdirda taxmin qilinayotgan xarajatlarning kutilayotgan natijalarga mutanosibligi oʻrganiladi. Bu normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishga jamoatchilikni keng jalb qilgan holda, chuqur oʻylangan hamda hisob-kitob qilingan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, qonun hujjatlarini qabul qilish asoslari va tartibi, qonunosti hujjatlarining tartibga solish doirasi aniq belgilandi. Unga koʻra, qonun bilan tartibga solinadigan masalalar boʻyicha qonunosti hujjatlarini qabul qilishga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Oʻz navbatida, normativ-huquqiy hujjat loyihalari davlat tilida tayyorlanishi, kiritilishi va qabul qilinishi mustahkamlandi. Endilikda zarurat boʻlgan hollardagina normativ-huquqiy hujjat boshqa tillarga tarjimasi bilan qabul qilinishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilishi shartligi belgilandi. Shu bilan birga, loyiha ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organning qaroriga koʻra, iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, lingvistik, ekologik, korrupsiyaga qarshi, gender-huquqiy ekspertizadan, shuningdek, boshqa turdagi ekspertizalardan oʻtkazilishi mumkin boʻlmoqda.

Bu hali hammasi emas. Normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega boʻlgan davlat organi normativ-huquqiy hujjatning samaradorligini oʻrganish maqsadida uning vaqt yoki soha boʻyicha yoxud muayyan hudud va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha amal qilishini cheklab, huquqiy eksperiment tartibda qabul qilish huquqiga egaligi Qonunda mustahkamlandi.

Huquqiy eksperiment tugaganidan keyin ijobiy va salbiy oqibatlari, bunday hujjatning qoʻllanilishiga taʼsir oʻtkazgan ijtimoiy hamda boshqa omillar, huquqiy eksperiment oʻtkazilishi munosabati bilan qilingan xarajatlar va olingan daromadlar tahlil qilinib, qonunchilik hujjatlarini huquqiy eksperiment natijalarini inobatga olgan holda takomillashtirish yoki normativ-huquqiy hujjatni oʻz kuchini yoʻqotgan, deb topishning tartibi belgilab berildi.

Umuman, Qonun islohotlarni yangi bosqichga chiqarishning huquqiy kafolatini yaratishga boʻlgan muhim qadam boʻldi.

Sherzod TOʻXTASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?