Qonun zamon talablariga javob bera oladimi?

13:26 15 Yanvar 2022 Jamiyat
510 0

 

Mamlakatimizda mustaqillikdan soʻng pochta sohasida izchil islohotlar amalga oshirildi. Lekin 2000-yilning 31-avgustida qabul qilingan “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi qonun bugun zamonaviy talablarga javob bermay qoldi. Shundan kelib chiqib, yangi qonun loyihasi tayyorlandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqilgan dastlabki hujjat — “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi sohada meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, aholiga tezkor, zamonaviy va sifatli xizmat koʻrsatish uchun sharoitlar yaratish imkonini berishini inobatga olib, loyihani qoʻllab-quvvatladilar.

Fraksiya yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham ikkinchi oʻqishda muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar doirasida yuzaga keladigan barcha fors-major holatlarini tasdiqlash Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilib kelinadi.

Ammo mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan bunday holatlarni tasdiqlash boʻyicha vakolatli organ belgilanmagan va bu tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq bir qator muammolarni vujudga keltirmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bunday holatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, unda xoʻjalik shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmaydigan(fors-major) holatlarni tasdiqlash vakolatini Savdo-sanoat palatasiga berish koʻzda tutilgan.

Deputatlar qonun loyiha bu boradagi normativ-huquqiy bazaning yaratilishi, huquqiy boʻshliqning toʻldirilishiga xizmat qilishini eʼtiborga olib, uni maʼqulladilar.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?