Qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik mamlakatimiz ichki ishlar organlari xodimlarining bosh maqsadidir

14:53 05 Aprel 2023 Jamiyat
354 0

Yurtimizda qonun ustuvorligi hamda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash eng dolzarb vazifalardan biridir. Shaxs, jamiyat va davlat ­xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda profilaktikasini olib ­borish ishlari esa undan-da muhim, ­desak, ayni haqiqat.

Shu maʼnoda, mamlakatimizda mazkur masalalar ijrosiga masʼul — ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlar va keyingi yillarda sohani yanada takomillashtirish boʻyicha tatbiq etilayotgan yangicha yondashuvlar, shu bilan birga, ayrim muammolar va ularning yechimlari, istiqboldagi rejalar ­xususida ­Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Poʻlat ­BOBOJONOV bilan suhbatlashdik.

— Poʻlat Razzoqovich, mamlakatimizning siyosiy hayoti uchun ­muhim sanalgan Konstitutsiya­ga oʻzgartishlar kiritish yuzasidan referendum jarayonlari boshlandi. Shundan kelib chiqib, inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish borasida qanday ishlar rejalashtirilmoqda?

— Hozirgi kunda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, har bir insonning hayoti, sogʻligʻi hamda mol-mulkini turli xavf-­xatarlardan ishonchli himoya qilish masalalari juda muhim hisoblanadi.

Shu bois ham yangi Oʻzbekiston tarixida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ilk islohotlar aynan ­fuqarolarning salomatligi va xavfsizligini taʼminlash sohalarida boshlandi.

Bunda asosiy eʼtibor ichki ishlar organlarini aholiga oʻz vaqtida hamda sifatli yordam koʻrsatadigan, har bir xodim tomonidan xalq manfaatlariga xizmat qilishni oʻz xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yoʻnaltirilgan professional tuzilmaga aylantirishga qaratildi.

Mamlakatimizda barcha davlat idoralari kabi ichki ishlar organlarida ham rahbarlarning fuqarolar bilan muloqot qilish, jinoyatlarni mahallalarning oʻzida muhokama etish, eng chekka qishloqlarga borib, aholining dardini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Shuni alohida aytish joizki, islohotlar davomida, adashib jinoyat sodir etgan shaxs­larni ijtimoiy hayotga toʻgʻri yoʻnaltirish, jamiyatning munosib vakiliga aylanishi uchun ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, 2019-yildan boshlab, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh ­Assambleyasining “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari qoidalari”, boshqacha aytganda, Nelson ­Mandela qoidalari milliy qonunchiligimizga toʻliq implementatsiya qilindi. Buning ­doirasida mahkumlarga ilk bor, saylash, pensiya va ijtimoiy sugʻurta pullarini olish, kasb egallash, taʼlim hamda sifatli tibbiy yordam olish huquqi berildi. Ularga ­mehnat qilish, yaqinlari bilan suhbatlashish va uchrashish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ­yaratildi.

Shuningdek, sodir qilingan jinoyatdan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan mahkumlarni afv etish orqali ozodlikka chiqarish, adashib, yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan fuqarolarni, jumladan, davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida oʻtkazilgan “Mehr” aksiyalari doirasida jangovar harakatlar boʻlayotgan hududlardan olib kelinganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish tizimi ­yaratildi.

Umuman olganda, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan har qanday koʻrinishdagi qadr-qimmatni kamsitish, qiynoq holatlariga yoʻl qoʻymaslik hamda fuqarolar bilan munosabatlarda “inson ­omili” taʼsirini kamaytiruvchi zamonaviy axborot texnologiyalari amaliyotga joriy etilmoqda.

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash va hurmat qilish masalasiga katta ahamiyat qaratilyapti. Shu bois Prezidenti­miz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida inson huquq hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish — davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligini taʼkidlab oʻtdi.

Darvoqe, Oʻzbekiston tarixida birinchi marta oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan va har qanday davlatning rivojlanish yoʻlini belgilab beruvchi oliy qonun hujjati referendumda bevosita xalq tomonidan qabul qilinadi.

Mazkur Konstitutsiyani har qanday shaxs “Bu mening Konstitutsiyam” deb ayta olishiga asoslar mavjud. Konstitutsiya loyihasidagi moddalar amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman olganda, Bosh ­qomusimizni mana shu normalar bilan toʻldirish yoki mavjudlarini takomil­lashtirish boʻyicha fuqarolarimiz koʻplab takliflar berishdi.

Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan boʻlib oʻtgan muhokamalarda ham qoʻshimcha takliflar kelib tushdi. Har bir taklif ortida inson taqdiri va uning haq-huquqlari turganligini inobatga olib, xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi oʻrganildi, loyiha 6 turdagi ekspertizadan oʻtkazildi.

Yangi Konstitutsiya “inson — jamiyat — davlat” paradigmasiga asoslangani, unda barcha toifalarning — yoshlar, ayollar, ­nogironligi borlar, oʻqituvchilar, hatto jinoyat sodir etgan shaxslarning huquq va manfaatlari aks etgan. Agar ­mazkur ­loyihani xalqimiz ham qoʻllab-quvvatlasa, amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanadi.

Jumladan, inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan umumeʼtirof etilgan “Xabeas korpus” instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanadi.

Jumladan:

— aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinadi;

— hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyiladi;

— shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas kabi normalar endi Bosh qomusimiz bilan tasdiqlanadi.

Yana bir yangilik — ilk bor shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turish asoslarini tushuntirish boʻyicha “Miranda qoidasi” joriy etiladi. Bu orqali davlatimiz ­rahbarining qatʼiy talabi, yaʼni “Hech kimning unutishga haqqi yoʻq — qonun talablari va inson huquqlari — biz uchun oliy qadriyat” ekanligini har bir xodim tomonidan bajarilishi ustidan kunlik nazorat tizimi oʻrnatiladi.

Mazkur talab va boshqa yangi normalarning amaliyotga tatbiq etilishi inson huquqlarini ishonchli himoyalash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishga ­xizmat qiladi, albatta.

Muxtasar aytganda, avvalo, xalqimizni rozi qilish, xizmat faoliyati orqali fuqarolarga yanada qulayliklar yaratish borasidagi ishlar izchil davom etti­riladi.

— Oʻzingizga yaxshi maʼlumki, bugungi kunda har bir sohani korrupsiyadan tozalash ishlariga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ichki ishlar organlari tizimida bu borada qilinayotgan ishlar natijalari sizni qoniqtiradimi?

— Jamiyat hayotining barcha jabhasida korrupsiyaga qarshi kurashish dolzarb vazifaga aylandi. Jumladan, ichki ishlar organlarida ham bu borada tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish ­muhitini shakllantirish maqsadida vazirlikning tegishli buyrugʻi ­ishlab chiqilgan.

Ushbu buyruqqa asosan vazirlikda ­Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi, tarkibiy tuzilmalar hamda hududiy ichki ­ishlar organlarida ishchi guruhlar tuzilgan. Komissiya tomonidan amalga oshirilishi ­lozim boʻlgan chora-tadbirlar dasturi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlangan.

2022-yil yakuni boʻyicha komissiya tomonidan vazirlikning tarkibiy va hududiy ichki ishlar organlari faoliyati tekshirildi. Oʻrganish natijalariga koʻra, korrupsiyaviy xavf-xatar darajasidan kelib chiqib ular “qizil”, “sariq”, “yashil” hudud toifalariga ajratildi.

9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan oʻtkazilgan videoroliklar tanloviga ichki ishlar organlari xodimlari va fuqarolar tomonidan tayyorlangan 42 ta videorolik kelib tushdi. Faxrli oʻrinlarni egallagan va nominatsiya gʻoliblari IIVning diplom va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashishni targʻib qiluvchi ushbu videoroliklar ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etildi.

Xodimlarimiz oʻz tashabbusiga koʻra korrupsiyaga oid huquqbuzarlik yoki jinoyat haqida xabar berishyapti. Ana shunday tashabbuslar tufayli oʻtgan yili fuqarolar xodimlarga pora berishga uringanligi boʻyicha 133 ta holat aniqlandi. Aybdorlar tegishli tartibda javobgarlikka tortildi.

Xodimlar oʻrtasida korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani IIB ­xodimlari tomonidan sodir etilgan ­poraxoʻrlik jinoyati yuzasidan “Korrupsiya — jaholatga yoʻl” nomli maxsus videofilm shaxsiy tarkib va ularning oila aʼzolariga namoyish ­etildi.

Shuningdek, pora olish, pora berish va bunda vositachilik qilish ham jinoyat ekanligi hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik yoki jinoyat haqida xabar bergan taqdirda pul mukofoti bilan taqdirlanishi boʻyicha maxsus targʻibot roligi tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali profilaktik-targʻibot ishlari olib borildi.

Ichki ishlar organlarining maʼmuriy binolarida maxsus burchaklar tashkil etilgan. Ularda korrupsiyaga qarshi ku­rashishga daʼvat qiluvchi stend, buklet va plakatlar joy olgan. Barcha xodimlarimiz xizmat faoliyati davomida tamagirlik, poraxoʻrlik kabi illatlarga qoʻl urmaslik yuzasidan rasman ogohlantirilibbu boʻyicha har bir xodimdan tilxat ­olindi.

Lekin bu bilan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tizimda barcha chora-tadbirlar koʻrildi, demoqchi emasman. Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni bundan buyon ham sobitqadamlik bilan davom ettiramiz. Maqsadimiz vazirlikning barcha boʻlinmasida mazkur illatga murosasizlik ­muhitini qaror toptirishdan iborat.

— Prezidentimizning shu yil 20-yanvarda “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda belgilangan vazifalar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— Davlatimiz rahbari boshchiligida bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini ulugʻlashga, uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Ushbu ezgu, savobli hamda masʼuliyatli vazifalarni bajarish koʻp jihatdan huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining samaradorligiga, shuningdek, undagi kadrlarning salohiyati, maʼnaviyati, intizomi va albatta, sadoqatiga bevosita bogʻliq.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda davlatimiz ­rahbarining tashabbuslari va hayotbaxsh gʻoyalari asosida ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar tizimni xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, aholining kundalik muammolari ­bilan hamnafas ishlaydigan, xalqparvar tuzilmaga ay­lantirmoqda, desak, xato boʻlmaydi.

Prezidentimizning “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ushbu yoʻnalishdagi yana bir ulkan qadam boʻldi.

Endi xizmatga nomzodlarni tanlashning adolatli va shaffof tizimi yaratilib, oʻr­natilgan tartiblar tubdan soddalashtiriladi va byurokratik toʻsiqlar bartaraf etiladi. Shu maqsadda “Ye-nomzod” yopiq axborot tizimini yaratish orqali xizmatga qabul qilish jarayonlari toʻliq raqamlashtiriladi. Tanlov jarayonida ­suhbat oʻrniga test sinovlari va psixofiziologik (poligraf) tekshiruvdan ­oʻtkaziladi.

Kadrlar bilan ishlashda ham yangi tartib joriy etildi. Unga koʻra, xizmatga qabul qilingan xodimlarga tayinlanadigan ­dastlabki sinov muddati bir yilgacha uzayti­riladi. Ular IIV Malaka oshirish institutida uch oylik boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagandan soʻnggina lavozimga tayinlanadilar.

2023-yil 1-sentyabrdan eʼtiboran huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl-patrul va patrul-post xizmati boʻlinmalari xodimlarini “Fuqarolar bilan ishlash moduli” boʻyicha uzluksiz oʻqitish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Ular IIV Malaka oshirish institutida har uch yilda bir marotaba oʻqitiladi. Maxsus sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini beruvchi sertifikat topshiriladi.

Yana bir muhim yangilik — IIV va hududiy ichki ishlar organlarida soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat maslahat-kengash organi hisoblangan jamoatchilik kengashlari tuzilishidir. Kengashlarning asosiy vazifalari ichki ishlar organlari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha boʻyicha ijtimoiy fikr­ni oʻrganish va monitoring qilib borish, tizimdagi korrupsiya holatlari boʻyicha internet tarmoqlarida eʼlon qilingan xabarlarni batafsil oʻrganish va natijasini keng jamoatchilikka yetkazish hisoblanadi.

— Yoʻl-transport hodisalari bugunning eng dolzarb muammolaridan biri. Avtomobil yoʻllariga kamera va radarlar oʻrnatilishi ham kutilgan natijani beradi, deyish qiyin. Ayting-chi, bu muammoning yana qanday yechimlari bor, deb hisoblaysiz?

— 2022-yil davomida yoʻllardagi nosozliklar va kamchiliklar, harakat qatnashchilarining qoʻpol qoidabuzarliklari natijasida turli koʻrinishdagi yoʻl-transport hodisalari sodir boʻldi. 2021-yildagiga nisbatan solishtirilganda ularning soni koʻpaygani yoʻq, lekin yuz bergan bitta yoʻl-transport hodisasi ham achinarli holatdir.

Oʻtgan yili yoʻllarda inson xavfsizligini taʼminlash boʻyicha davlatimiz ­rahbarining topshirigʻiga asosan respublikaning barcha hududida oʻziga xos ­tajribalar yaratilmoqda.

Xususan, ikkita mezon asosida avtohalokat oʻchoqlarini bartaraf etish, yaʼni fojia­lar miqdori boʻyicha yoʻl uchastkalari hamda haydovchilarning huquqbuzarliklari soniga qarab mahallalarni “qizil” va “sariq” toifalarga ajratish boʻyicha “Buxoro tajribasi” yaratildi.

Shundan kelib chiqib, joriy yilda harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini kamaytirish boʻyicha ishlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida” farmoyish imzolandi.

Ushbu hujjat yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha maxsus dasturni, viloyatlar, shahar-tumanlar va mahallalar kesimidagi “Yoʻl xaritasi”ni hamda tarmoq jadvalini oʻz ichiga olgan. Uning asosida mutaxassislardan iborat ishchi guruh tashkil etildi.

Mazkur guruh mutaxassislari sutka davomida respublikada sodir etilgan yoʻl-transport hodisalarining sabab va omillarini oʻrganadi, tarmoq jadvali asosida yoʻl-transport hodisalari hisobi boʻyicha hududlarni “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratadi, avtohalokat oʻchoqlarini aniqlaydi hamda ularni bartaraf etish yuzasidan aniq choralarni belgilaydi. Farmo­yish va unda belgilangan talablarning ­asosiy maqsadi — respublika hududida ­yoʻl-transport hodisalarining oldini olishdan iborat.

Shuningdek, “Hududlarda yoʻl-transport hodisalarining barvaqt oldini olish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va qoidabuzarliklarga qarshi kurashish boʻyicha mahallabay ishlash tizimi samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi farmo­yish ham qabul qilindi.

Unga koʻra, mahallalardagi yoʻl infratuzilmasi ahvolini oʻrganish va nazorat qilish, ijtimoiy obyektlardagi harakat xavf­sizligini taʼminlash, hududlar boʻyicha oʻz vaqtida profilaktik tadbirlarni tashkillashtirish, haydovchilarni tayyorlashni nazorat qilishning mahallabay tizimi sinov tariqasida joriy etildi.

Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari mahallalarga hududdagi transport vositalari, aholi soni, avtomobil yoʻllarining uzunligi, transport vositalarining oqimi, ijtimoiy obyektlar sonini hisobga olgan holda biriktirildi. Ularning faoliyati avvalgidek viloyatlar miqyosida emas, balki bundan buyon har bir shahar-tuman hamda ularda joylashgan mahallalar miqyosida koʻrilgan samarali ishlar boʻyicha baholanadi.

Albatta, amalga oshirilayotgan bu oʻzgarishlarning barchasi yoʻllarimizda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shu bilan bir qatorda, har bir harakat ishtirokchisi oʻz ­xavfsizligini, sogʻligʻini muhofaza ­qilishi uchun yoʻl harakati qoidalari ­talablariga qatʼiy rioya etishi kerak.

— Ichki ishlar organlari xodimlari uchun kasb etikasi masalasi juda muhim hisoblanadi. Siz rahbarlik qilayotgan tizim xodimlarining odob-axloq qoidalariga rioya etishlarini taʼminlash borasida qanday choralar koʻrilyapti?

— Bu borada yuqorida zikr etilgan ­Prezidentimiz qarori bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlangan. Kodeksda xodimlarning madaniyatini, bilimini oshirish va tartib-intizomini mustahkamlash, kuchaytirish nazarda tutilgan.

Xodimlarda birinchi oʻrinda kamtarlik qadrlanadi. Kodeksda ulardan fuqarolarga nisbatan mensimaslik holatlari sodir etmasligi qatʼiy talab sifatida belgilangan. Ilgari vazir buyrugʻi shaklida ham shunday talablar boʻlgan, ammo ularni faqat xodimlarning oʻzlari bilardi, fuqarolarning xabari boʻlmasdi. Hozirgi hujjatni har bir fuqaro koʻrishi, bilishi mumkin. Fuqarolar xodimlardan kodeksdagi qoidalarga rioya etishni talab qilish imkoniga ega.

Kodeks qoidalarini buzgan har qanday xodimga nisbatan tegishli chora koʻriladi. Kerak boʻlsa, har bitta xodim kodeksni yonida olib yuradi. Barcha xodimlar undagi qoidalarni yoddan bilishi va soʻzsiz amal qilishi kerak. Bu boʻyicha ham qoʻshimcha mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.

Bundan tashqari, kodeksda baholash mezoni ham mavjud. Xodimlarning daraja olishi, lavozimlarga koʻtarilishi masalalari, ragʻbatlantirish meʼyorlari ham belgilangan. Kodeks talablarini bajarmagan xodimlar ragʻbatlantirilmaydi, ularning ­navbatdagi unvonni olishi, yuqori lavozimga koʻtarilishi toʻxtatiladi.

Nojoʻya xatti-harakatlarning barchasi kodeksda aniq belgilangan. Masalan, ichki ishlar xodimi uch kun asossiz ishga chiqmasa, uni ishdan boʻshatish mumkin. Shuningdek, xodimlarga xizmat majburiyatlarini bajarish paytida va xizmat vaqtida yoxud xizmat ­kiyimida spirtli ichimliklar isteʼmol qilish taqiqlangan. Ular fuqarolarga va ­hamkasblariga samimiy va hurmat bilan munosabatda boʻlishi lozim. Shu kabi ­boshqa holatlar ham koʻzda tutilgan.

Agar xodim notoʻgʻri xatti-harakat sodir etgan boʻlsa, fuqarolar uning ustidan shikoyat qilishga haqli. Xizmat tekshiruvi orqali ularning xatti-harakatiga huquqiy baho beriladi. Xato qilgan boʻlsa, albatta, chora koʻriladi. Kodeksda chora turlari ham aniq bayon etilgan.

— Ijtimoiy tarmoqlarda deyarli har kuni fosh etilgan biror jinoyat haqida eshitamiz, oʻqiymiz. Ayting-chi, bu axborotlarning shaffoflashishi tufaylimi yoki chindan ham, jinoyatlar soni koʻpayganmi? Jinoyatlar tahlili nimalarni koʻrsatadi?

— Qayd etish lozimki, bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyati shaffofligini taʼminlash uchun 22 ta veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlarda esa 70 tadan ortiq rasmiy sahifalar yuritilmoqda. Ular orqali 2022-yil davomida 2,5 milliondan ziyod doimiy foydalanuvchilarga maʼ­lumotlar taqdim etildi.

Kriminogen vaziyatni xolisona tahlil qilish, jinoyatlarni yashirmaslik maqsadida, xodimlar tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar ijobiy natija sifatida baholash tizimiga oʻtildi. Bu oʻz samarasini berdi. 2022-yilning 12 oyida qayd etilgan jinoyatlarning deyarli uchdan bir qismi xodimlarning tashabbusi bilan aniqlandi.

Shu bilan birga, hozir mamlakatimizning barcha hududida jinoyatlar sektorlar kesimida tahlil qilinib, vaziyatga mahalladagi xavfsiz sharoit yaratilganligiga qarab baho berilmoqda. Bunday yondashuv kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun zamin yaratmoqda. Agar bundan olti yil avval jinoyatdan xoli hududga aylangan mahallalar ulushi 13 foizdan oshmagan boʻlsa, bugungi kunda ularning ulushi 35 foizni tashkil etmoqda.

Shu davrda har 100 ming aholiga nisbatan oldi olinishi lozim boʻlgan jinoyatlar soni qariyb bir yarim baravarga (216 tadan 153 taga) kamaydi va bu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hududida eng xavfsiz davlat hisoblanadi. Eng asosiysi, xodimlarning kundalik faoliyati raqam va foiz ortidan quvishga emas, balki jinoyatchilikning asl sabablarini bartaraf etish orqali fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilishga qaratilmoqda.

Lekin erishilgan natijalardan ortiqcha xotirjamlikka berilmasdan, kelgusida ham aholining tinch va xavfsiz hayot kechirishini taʼminlash, faoliyatimiz natijasini Prezidentimiz va xalqimiz kutgan darajaga yetkazish uchun har bir xodim tinim bilmasdan ishlashi lozim.

Rahim ShERQULOV (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?