Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda oʻzgarish boʻlishi kerak

22:22 09 Aprel 2021 Siyosat
597 0

Avval xabar qilinganidek, parlament quyi palatasining kuni kecha boʻlib oʻtgan majlisida bir qator qonun loyihalari qizgʻin, konstruktiv muhokama qilindi. Asosiy eʼtibor toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish, ularning hayotimizdagi taʼsirchanligini oshirish, bu borada aniq mexanizmlar va huquqiy kafolatlarni qoʻllash masalalariga qaratildi. Zero, Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi yigʻilishidagi nutqida taʼkidlaganidek, har bir qonunning, taʼbir joiz boʻlsa, koʻzi, oyogʻi, ijrosi boʻlishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda oʻzgarish boʻlishi kerak. Koʻrib chiqilgan qonun loyihalari yuzasidan deputatlar oʻz fikrlarini bildirdi.

Zafarjon JALOLOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi:

— “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 2453, 248-moddalariga maʼmuriy huquqbuzarlikni koʻrib chiqishda tegishlilik hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga taalluqliligi belgilanmoqda. Bunda elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish holatlarining aksariyati joylarda aholi tomonidan sodir etilishi inobatga olingan.

Mazkur masala qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Jumladan, bu vazifaning ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga yuklatilishi qator muammolarni keltirib chiqarishi aytildi. Deputatlarning fikricha, profilaktika (katta) inspektorlarida bu boʻyicha yetarlicha bilim mavjud emas. Yaʼni mazkur sohada ularning mutaxassis emasliklari va ularga xizmat vazifasidan tashqari ortiqcha yuklamalarning yuklatilishi kelgusida bir talay muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Muhokamalar chogʻida Ichki ishlar vazirligi bu boʻyicha oʻz eʼtirozlarini bildirganliklari maʼlum qilindi.

Albatta, deputatlar tomonidan koʻtarilgan savollar hamda takliflar yuzasidan tegishli mutaxassis va ekspertlarning javoblari mazkur qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlashda inobatga olinadi. Shu nuqtayi nazardan, loyiha birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Dilshod HAMZAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi aʼzosi:

— “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasida asosiy eʼtibor uning konseptual jihatlariga qaratildi. Qayd etish joiz, loyiha mamlakatimiz aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashning qonuniy asoslarini takomillashtirish, kuchli zilzilalarga tayyorgarlik koʻrish, ularning oqibatlarini bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgan. Unda, shuningdek, bu borada Hukumatning hamda masʼul davlat organlarining bir qator vakolatlari belgilanmoqda.

Xususan, unga muvofiq, Hukumat tomonidan hududlarda seysmoprognostik monitoring va suv omborlarida doimiy seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni olib borish, favqulodda vaziyatlarda tezkor-qutqaruv ishlarini tashkillashtirish, davlat tizimi kuch va vositalarining zilzilalarga shayligini taʼminlash, zilzila xavfi haqida aholi va davlat organlarini tezkor xabardor qilish ishlari amalga oshiriladi.

Qurilish jarayonida esa seysmik xavfsizlik talablarining bajarilishi boʻyicha doimiy nazoratni olib borish, inshootlarning seysmik mustahkamligi boʻyicha tekshiruvlarni tashkillashtirish koʻzda tutilmoqda. Yangi qurilgan foydalanishga topshirilayotgan bino va inshootlarni elektron texnik pasportlarni shakllantirish hamda shu asosda bino inshootni seysmik zaifligi boʻyicha turlarga ajratish ishlarida qatnashish, seysmik xavfsizlikni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni doimiy takomillashtirib borish ishlari belgilanadi.

Toʻgʻri, loyiha ustida koʻp ishlash kerak boʻladi. Buning uchun, albatta, soha mutaxassislari, keng jamoatchilik fikrlari ham inobatga olinadi.

Nigora QUTLIMURATOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi:

— “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi bilan bugungacha qonuniy tartibga solinmagan ayrim holatlar uchun javobgarlik qoidalari belgilanmoqda. Jumladan, safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat oʻtayotgan fuqarolarning harbiy yigʻinlar oʻtkazilayotgan davrda davlatga yetkazgan zarari uchun moddiy javobgarligi belgilanyapti.

Toʻgʻri, majlisda qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan maʼqullandi. Shu bilan birga, deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan takliflar, mulohazalar bildirildi. Masalan, loyiha bilan harbiy hizmatchilarning davlatga yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgarligini qonun darajasida belgilash, uchinchi shaxslarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash masalalari Fuqorolik kodeksining normalariga zid kelmasligi lozim. Bu borada xorijiy davlatlarning amaliyotini kengroq oʻrganish va tahlil qilish muhim. Qolaversa, qonun loyihasida havolaki normalar boʻlmasligi, davlatga yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash va uni undirish tartibi aniq belgilanishi yuzasidan bildirilgan takliflar ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida atroflicha koʻrib chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?