Qonun loyihasi qayta nomlandi

12:20 19 Noyabr 2020 Siyosat
176 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida xalq vakillari kun tartibiga yangi nom bilan kirgan — “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokama qildilar.

Taʼkidlanganidek, mazkur loyiha birinchi oʻqishda “Madaniyat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi sifatida konseptual jihatdan qabul qilingan edi. Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida oʻzining mazmun-mohiyatiga koʻra madaniyat sohasidagi faoliyat va madaniyat tashkilotlarining huquqiy maqomini belgilashga qaratilgani sababli loyihaning nomlanishiga oʻzgartish kiritildi.

Qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida aksariyat deputatlardan tushgan savol “nega madaniy faoliyat deb oʻzgartirildi?” mazmunida boʻldi. Madaniy faoliyat – insoniyatning maʼnaviy-estetik ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyat hisoblanadi. Oʻz oʻrnida, maʼnaviy-estetik ehtiyojlar madaniyat sohasiga tegishli boʻlgan sanʼat asarlari, madaniy boyliklar, amaliy sanʼat asarlarining mazmun-mohiyatidan olingan taassurot va tasavvurlar orqali oʻz yechimini topadi. Bu esa, aholining maʼnaviy-estetik ehtiyojlarini qondira olishi uchun qulay sharoit yaratish, xususan, madaniy tadbir oʻtkazish, ijodkorlarni va ijodiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, madaniy boyliklarni saqlash, targʻib etish va oʻzlashtirish aynan madaniyat tashkilotlarining vazifasidir.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlariga madaniyat hamda sanʼat sohasidagi yutuqlari uchun Vazirlar Mahkamasining taqdimnomasiga binoan Prezident tomonidan “Milliy” yoki “Akademik” maqomi berilishi belgilanyapti.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi madaniy faoliyat, shuningdek madaniyat tashkilotlari faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan moddama-modda koʻrilib, ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?