Qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi

14:06 18 Oktyabr 2022 Siyosat
336 0

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasida yovvoyi hayvonlarni aholi turar joylarida saqlashda fuqarolar hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, ular bilan bogʻliq noxush holatlarning oldini olish, qonunchilik hujjatlari oʻrtasidagi tafovutlarni bartaraf etish, sohadagi ruxsat berish tartib-taomillarini samarali tartibga solish masalalari koʻzda tutilgan.

Soʻnggi vaqtlarda fuqarolar tomonidan inson hayotiga xavf tugʻdiruvchi yovvoyi hayvonlarni xonadonlarda saqlash, ularni jamoat joylarida sayr qildirish, shuningdek toʻy, maʼraka, yubiley hamda boshqa oilaviy tadbirlarda olib yurish holatlari ortib borayotganligi natijasida joylarda noxush holatlar qayd etilmoqda.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish taklif etilmoqda:

Birinchidan, uchinchi va toʻrtinchi qismlardagi “ruxsatnoma” soʻzi amaldagi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq “guvohnoma” soʻziga almashtirilmoqda.

Ikkinchidan, quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilmoqda:
“Jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlarning roʻyxati, shuningdek mazkur roʻyxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarning yuridik shaxslar tomonidan saqlanishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.

Uchinchidan, oltinchi qismida yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanayotgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining vakillari ishtirokisiz oʻzboshimchalik bilan chiqarib yuborishni taqiqlash nazarda tutilgan.

Qonun loyihasini ishlab chiqish mobaynida xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilgan, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan.

Shuningdek, loyiha belgilangan tartibda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)da jamoatchilik muhokamasidan va Adliya vazirligining huquqiy ekspertizasidan oʻtkazilgan.

Qonun loyihasi yovvoyi hayvonlarni saqlash, ularni tabiiy muhitga chiqarib yuborish, ulardan jamoat joylarida foydalanish bilan bogʻliq hollarda aholining hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?