Qonun loyihalari nega rad etildi?

18:03 15 Fevral 2024 Siyosat
168 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha boʻlib oʻtgan yalpi majlisida deputatlar tomonidan ikkita qonun loyihasi rad etildi. Toʻgʻrirogʻi, masʼul qoʻmitalarning qonun loyihasini birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi yetarli ovoz ololmadi. Bizni kuzatib borayotgan, qonun ijodkorligi jarayonlariga befarq boʻlmagan jamoatchilik vakillarida, ijtimoiy tarmoqlar faollarida, “oʻzi aslida gap nimada edi”, “nimaga endi birdaniga ikkita qonun rad etildi”, “qanday asoslar bor edi” mazmunidagi savollar tugʻilishi tabiiy, albatta.

Birinchi qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining yoʻl harakati sohasini tartibga soluvchi bir qancha moddalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning amaldagi 171-moddasi birinchi qismida yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, transport vositasining mulkdori maʼmuriy javobgarlikka tortilishi belgilangan. Taklif etilgan qonun loyihasida ushbu jazoga mazkur huquqbuzarlik uchun transport vositasining mulkdori yoki transport vositasidan fuqarolik-huquqiy tartibda foydalangan shaxs tortilishi taklif etilgan.

Tashabbuskorlar tomonidan taklif etilayotgan gʻoya aslida toʻgʻri boʻlib, qonun loyihasidan koʻzlangan maqsad ham maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan transport vositasini boshqargan shaxsning oʻzini javobgarlikka tortish mexanizmini yaratishdan iboratdir.

Lekin qonun ijodkorlari bu gʻoya va maqsadni qonun loyihasida toʻgʻri ifoda eta olmaganlar. Bir jihatdan qaraganda loyihada belgilangan normalar juda toʻgʻriga oʻxshaydi. Lekin normaning shunday tahrirda qabul qilinishi amaliyotda qonunni qoʻllovchilar, shuningdek maʼmuriy javobgarlikka tortiluvchilar uchun muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Birinchidan, transport vositasidan “fuqarolik-huquqiy tartibda foydalanish” tushunchasining maʼnosi birorta qonunda ochib berilmagan. Albatta, bunda ishonchnoma yoki ijara shartnomasi asosida foydalanish nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. Lekin fuqarolik-huquqiy munosabatlarning chegarasi yoʻq. Masalan, fuqaro oʻz mulkidagi transport vositasini shartnoma asosida boshqa shaxsga saqlab turish uchun berishi yoki boshqa shaxsga ijaraga ham berishi mumkin. Yaʼni, u transport vositasini umuman boshqarmasligi ham mumkin. Taklif etilayotgan normaga koʻra, bu holatda transport vositasining mulkdori ham, transport vositasini boshqarmagan yuqoridagi shaxs ham maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin boʻlib qolyapti.

Shunga koʻra, oldin “transportdan fuqarolik-huquqiy tartibda foydalanuvchi shaxs” degan tushunchani aniqlashtirish lozim boʻladi.

Ikkinchidan, qonunda biror bir javobgarlik oʻrnatish oʻta aniqlikni talab etadi. Biroq, yuqoridagi qonun loyihasida nazarda tutilgan oʻzgartirish va qoʻshimcha bilan qonun ijodkori oʻziga shart-sharoit yoki imkoniyat yaratmoqda. Unga koʻra, 171-moddaning birinchi qismidagi huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalarini buzish sodir etilsa, xohlasa transport vositasining mulkdorini, xohlasa undan foydalangan shaxsni javobgarlikka tortish imkoniyati yaratilmoqda. Chunki, mazkur normada “yoki” degan soʻz ishlatilmoqda. Bu esa, korrupsiyaga olib kelishi mumkin.

Uchinchidan, bugungi kunda transport vositalari haydovchilari tomonidan yoʻl harakati qoidabuzarligini sodir etganlik uchun “jarima ballarini hisoblash tizimi”ni joriy etish koʻzda tutilmoqda.

Taklif etilayotgan norma qabul qilingan taqdirda, kelgusida “jarima ballarini hisoblash tizimi” ishga tushganidan keyin transport vositasida yoʻl harakati qoidabuzarligini sodir etganlik uchun jarima ballarini transport vositasining mulkdoriga yoki mazkur transport vositasidan foydalangan shaxsga nisbatan qoʻllashga doir norma turlicha talqin etilib, turli tushunmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin.

Masalan, hozirda Oliy Majlisning yuqori palatasida koʻrib chiqilayotgan boshqa qonunga koʻra, transport vositasi boshqaruvi chogʻida bir yil davomida yoʻl-harakati qoidalarini buzganlik natijasida yigʻilgan ballar miqdori 12 dan oshsa, shaxs haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi kerak. Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, transport vositasini ishonchnoma asosida boshqarayotgan shaxs qoidani buzsa, unga ball qoʻymaslik uchun umuman haydovchilik guvohnomasi mavjud boʻlmagan va transport vositasining uni boshqarmaydigan mulkdori maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Toʻrtinchidan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, hukumat tomonidan oxirgi uch oyda kiritilgan hamda bitta sohaga tegishli boʻlgan 3 ta qonun loyihasining har birida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 171-moddasiga konseptual jihatdan uch xil maʼnoni anglatadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilgan.

Bunday holat qonun loyihalarining muhokamasi va qabul qilinish jarayonlarini qiyinlashtiradi. Yaʼni, hali oldin qabul qilingan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kuchga kirmasdan turib, yana shu moddaga tuzatish kiritishga olib keladi.

Taklif qilinayotgan keyingi yana bir muhim yangilikka eʼtibor qaratmoqchiman. Qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 283-moddasidagi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun joyning oʻzida jarima solinishini va jarima toʻlaganligi toʻgʻrisida aybdorga belgilangan shakldagi kvitansiya berilishini nazarda tutuvchi normani bekor qilish taklif etilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasini ishlab chiqqan tashabbuskor vazirlik aslida fuqarolarga qulay boʻlishi uchun yaratilgan tizimdan tor idoraviy manfaatlarni koʻzlab voz kechishni taklif etmoqda.

Masʼul qoʻmita qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilishni va uni ikkinchi oʻqishga qadar maromiga yetkazishni taklif qilgan boʻlsa-da, muhokamalardan keyin qonun loyihasi ovozga qoʻyildi hamda yetarlicha ovoz toʻplamaganligi tufayli rad etildi.

Endi deputatlar tomonidan rad etilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi ikkinchi qonun loyihasining rad etilishi bilan bogʻliq masalaga toʻxtalamiz.

Loyiha bilan kiritilayotgan ayrim qoidalarning hayotiy zaruriyati yoʻqligi, qolaversa, yuridik jihatdan toʻgʻri rasmiylashtirilmaganligi bois xalq vakillarining jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻldi.

Maʼlumki, amaldagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 138-moddasida “... yoʻllarga ajratilgan mintaqa tegrasida mol boqish” uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Biroq taklif etilgan loyihada yoʻllarga ajratilgan mintaqada uy hayvonlarini boqish yoki ularni qarovsiz qoldirish uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Vaholanki, uy hayvoniga mollardan tashqari it, mushuk, tovuq, quyon, oʻrdak, gʻoz va hokazolar kiradi. Shu bois deputatlarning fikricha, loyihaning qabul qilinishi kelajakda tushunarsiz va kulgili vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, yoʻllarga ajratilgan mintaqa tegrasiga chiqib ketgan mushuk uchun ham uning egasini topish va javobgar qilish kerak boʻladi, yaʼni aslida aybsiz boʻlgan shaxslarni javobgarlikka tortishga toʻgʻri keladi.

Bundan tashqari, loyiha bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 136-138-modalariga individual harakatlanish vositasini boshqarib borayotgan shaxslarning yoʻl belgilari talablariga rioya etmaganligi uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Biroq bugungi kunda “individual harakatlanish vositasi” tushunchasi qonunchilikda ochib berilmagan. Shuningdek hukumat qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarida ham individual harakatlanish vositalarini boshqarish boʻyicha talablar oʻrnatilmaganligi huquqiy jihatdan tartibga solinmagan qoida uchun javobgarlik belgilanishiga olib keladi.

Qonun loyihasidagi yana bir norma haqida toʻxtalmoqchiman. Foto va video vositalar orqali yoʻl harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan paytdan eʼtiboran 48 soat ichida qoidabuzarlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni jarima solish vakolatiga ega shaxsga yuborish taklif etilgan. Lekin ushbu normada yana eskicha qoida saqlab qolinib, bunda faqat transport vositasining mulkdorini javobgarlikka tortish nazarda tutilgan xolos.

Ushbu qoidani aks ettirish taklif etilgan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 171-moddasiga qonun tashabbuskorlari tomonidan qisqa muddat ichida 3 marotaba bir-biriga muvofiq kelmaydigan turli normalarni kiritish taklif etilgan. Bu holat esa deputatlarning mazkur modda boʻyicha uzil-kesil toʻxtamga kelishiga toʻsqinlik qildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilingan qonun loyihasi uni konseptual jihatdan qabul qilish uchun yetarli ovoz toʻplay olmadi.

Farhod ASHMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер