Qonun buzilishiga yoʻl qoʻygani uchun Paxtaobod tumani hokimining qarori bekor qilindi

19:15 02 Aprel 2021 Jamiyat
617 0

Izboskan tumanida faoliyat yurituvchi «Xulkor» masʼuliyati cheklangan jamiyati tuman hokimligi mansabdor shaxslari xatti-harakatidan norozi boʻlib Biznes-ombudsman devoniga murojaat qildi.

Maʼlum boʻlishicha, Paxtaobod tumani hokimining 2019-yil 5-avgustdagi 5685-K-sonli qaroriga asosan jamiyatga tumandagi Turkiston massivi 205-q-konturi hududida “Davolash maskani” tashkil etish uchun tuman hokimligi zaxira fondidagi 1 gektar yer maydonida joylashgan (sobiq Uchkoʻza bolalar oromgohi) bino va inshootlari doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan.

OʻzAning yozishicha, jamiyatning koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Paxtaobod tumani filiali tomonidan tegishli tartibda reyestrga kiritilgan.

Shunga qaramasdan Paxtaobod tumani hokimining 2020-yil 5-noyabrdagi 738-K-sonli qaroriga asosan, tuman hokimining yuqorida qayd etilgan, yaʼni bino va inshootlarni berish toʻgʻrisidagi 2019-yildagi 5685-sonli qarori bekor qilingan.

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy tartib taomillar toʻgʻrisida”gi qonunining 59-moddasiga asosan, maʼmuriy hujjatni bekor qilish yoki oʻzgartirish masalasi sud tartibida koʻrib chiqilishi lozim edi. Lekin tuman hokimligi nafaqat tadbirkor huquqi, balki qonun buzilishiga yoʻl qoʻydi.

Ushbu holat yuzasidan Biznes-ombudsmanning Andijon viloyatidagi xodimlari tomonidan jamiyat manfaatini koʻzlab maʼmuriy sudga ariza kiritildi.

Andijon tumanlararo maʼmuriy sudining joriy yil 26-martdagi hal qiluv qarori bilan shikoyat qanoatlantirilib, Paxtaobod tuman hokimining 2019-yildagi «Xulkor» MCHJga “Davolash maskani” tashkil etish uchun tuman hokimligi zaxira fondidagi 1 gektar yer maydonida joylashgan (sobiq Uchkoʻza bolalar oromgohi) bino va inshootlari doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berish toʻgʻrisidagi 5685-sonli qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi 2020-yil 5-noyabrdagi 738-K-sonli qarori haqiqiy emas, deb topildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?