Qonun buzilish holatlarini bartaraf etish boʻyicha 27 557 ta taqdimnoma kiritilgan — Adliya vazirligi

22:51 22 Iyul 2022 Jamiyat
472 0

Bugun, 22-iyul kuni Adliya vazirligida vazirR. Davletov raisligida navbatdagi hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda vazirlik markaziy apparatining tarkibiy boʻlinma rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar vaToshkent shahar adliya boshqarmalari rahbarlari, adliya muassasalari rahbarlari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari boshliqlari va masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Adliya organlari tizimida ilk marotaba huquqiy tajriba almashish maqsadida Navoiy viloyatida boʻlib turgan 12 ta hududiy adliya organlari boshliqlari takibidan iborat adliya delegatsiyasi bir joydan ishtiroki taʼminlandi.

Hayʼat majlisida adliya organlari va muassasalari tomonidan 2022-yilning 1-yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar haqida gapirildi.

Taʼkidlanganidek, Adliya vazirligi tashabbusi bilan 126 ta (2021-yil 1-yarim yillikda 81 ta), shu jumladan 25 ta qonun, 26 ta Prezident hujjatlari, 45 ta Hukumat hujjatlari, 30 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan.

1094 ta (2021-yil 1-yarim yillikda 1374 ta) qonun hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan. 123 ta (2021-yil 1-yarim yillikda 129 ta) idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Kelib tushgan jami 77 504 ta (2021-yil 1-yarim yillikda 60,1 ming) murojaatlarning 65 721 ta(2021-yil 1-yarim yillikda 49,1 ming) yaʼni 84,8 foizi (2021-yil 1-yarim yillikda 82 foizi) qonuniy hal etilgan.

Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha 27 557 ta (2021-yil 1-yarim yillikda 11,6 ming ta) taqdimnoma kiritildi, 5 485 nafar (2021-yil 1-yarim yillikda 4,8 ming nafar) shaxslar maʼmuriy, 14 775 nafar (2021-yil 1-yarim yillikda 7,5 ming nafar) shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan 300 nafar (2021-yil 1-yarim yillikda 352 nafar) xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Sudlarga 192,6 mlrd. (2021-yil 1-yarim yillikda 125,8 mlrd.) soʻmlik 15 998 ta (2021-yil 1-yarim yillikda 7,8 mingta) daʼvolar kiritilib, 177,2 mlrd. (2021-yil 1-yarim yillikda 120 mlrd.) soʻmlik 15 768 ta (2021-yil 1-yarim yillikda 6,5 ming ta) daʼvolar qanoatlantirilgan.

Huquqiy ongini oshirish boʻyicha 272 mingdan ortiq (2021-yil 1-yarim yillikda 195 mingdan ortiq) targʻibot tadbirlari oʻtkazilgan. 5,5 mln.dan ortiq (2021-yil 1-yarim yillikda 5,4 mln. dan ortiq) davlat xizmatlari koʻrsatilgan.

Hayʼat majlisida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda ayrim yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarga ham toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, faoliyatni yaxshilash maqsadida koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim yoʻnalishlarda tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyish holatlariga hamon chek qoʻyilmaganligi, ayrim masʼul xodimlar bildirilgan eʼtirozlardan toʻgʻri va tegishli xulosa chiqarmayotganligi tanqidga olindi.

Shundan soʻng, hududiy adliya organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Surxondaryo va Jizzax viloyati adliya boshqarmasi boshliqlarining hisoboti tinglandi.

Yigʻilish yakunida aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik, bunda har bir tizim rahbarlari va masʼul xodimlarning faolligini oshirish, maʼsuliyatni kuchaytirish zarurligiga alohida urgʻu berildi.

Shuningdek:

1. adliya organlari va muassasalari rahbarlar oʻz boʻysunuvidagi xodimlar ish faoliyati boʻyicha shaxsan masʼul hisoblanishi, boʻysunuvidagi xodimlar tomonidan tizimli qonunbuzilishlar yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning sodir etilganligi uchun rahbarlarning javobgarligi koʻrib chiqilishi belgilandi;

2. masofaviy xizmat koʻrsatish jarayonini rivojlantirish va aholiga yanada qulay imkoniyatlarni yaratish maqsadida davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayoniga axborot texnologiyalarni keng joriy qilish, xususan, Davlat xizmatlari markazlari va notariuslarga tashrif buyuruvchi fuqarolar oʻrtasida “Mobile ID” tizimini keng targʻib qilish hamda imkon qadar koʻproq fuqarolarni mazkur tizim orqali roʻyxatga olish ustuvor vazifa sifatida oʻrnatildi;

3. davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) va qoʻyi tizimidagi boʻlinmalarida qonuniylik va ochiqlikni taʼminlash maqsadida “E-huquqshunos” tizimida qabul qilingan hujjatlarni bekor qilinganligi yoki haqiqiy emas deb topilganlarni sabablari va asoslari koʻrsatilgan holda (lex.uz tizimi kabi) alohida belgilash va barcha uchun koʻrish tartibi joriy qilish topshirigʻi berildi;

4. Respublika sud ekspertiza markazi baholash faoliyatiga oid mavjud uslubiyotlarni tanqidiy tahlil qilib, ularni bugungi kunda yuzaga kelayotgan murakkab nizolarini hal qilinishiga koʻmaklash imkoniyatlarini yanada oshirish boʻyicha takomillashtirish chorasini koʻrish topshirilib, muhokama etilgan barcha masalalar boʻyicha Hayʼatning tegishli qarori qabul qilindi.

Adliya organlari tomonidan kelgusidagi faoliyat davomida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarni bajarish yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?