Qonun bilan bolalarni himoya qilishning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Joriy yilning 2-avgust kuni Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda “Oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi.
Majlisda senatorlar, vazirlik va idoralar vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiya aʼzolari, yoshlar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Jahon bankining tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhit yaxshilanishini taʼminlash uchun mazkur Qonun ishlab chiqildi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra tazyiq va zoʻravonlik oqibatida oʻlim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush oʻrtogʻi yoki u bilan birga roʻzgʻor qurib yashayotgan shaxs aybli boʻladi.
Amaldagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Jinoyat kodekslarining tegishli moddalari dispozitsiyasida oilaviy (maishiy) zoʻravonlikning qurboni er-xotin, sobiq er-xotin, bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxslar boʻlishi mumkinligi nazarda tutilgan, ammo bolalar kiritilmagan. Natijada oilaviy zoʻravonlikka uchragan bolalarga nisbatan jinoyat ishlarini malakalashda tergov idoralarida turli muammolar yuzaga kelgan.
Mazkur Qonun bilan bolalarni himoya qilishning huquqiy asosi mustahkamlanib, bolaga, vasiylik yoxud homiylik ostida boʻlgan voyaga yetmagan shaxsga nisbatan oilaviy zoʻravonlik qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 592-moddasi va Jinoyat kodeksining 1261-moddasini bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan toʻldirilgan.
Jinoyat-protsessual kodeksining 583-moddasiga oʻzgartirish kiritilib, yarashtiruv instituti bilan bogʻliq norma aks ettirilgan. Yarashtiruv instituti amaliyotda mavjud boʻlib, turli holatlarda sudgacha tomonlar oʻzaro yarashtiriladi. Ammo bu Qonun bilan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik boʻlsa, sudgacha hech qanday yarashtiruv mumkin emasligi belgilanmoqda, chunki tergov bosqichida er-xotinlarning oʻzaro yarashganligi oqibatida ayblanuvchi tomon jazo muqarrarligini his etmay, bir yil davomida yana qayta zoʻravonlik sodir etishi holatlari kuzatilmoqda.
Shuning uchun ham yarashuv toʻgʻrisidagi ariza faqat sud alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishidan oldin, yaʼni oilaviy (maishiy) zoʻravonlik sodir etgan shaxs faqat sudda yarashuv toʻgʻrisida ariza berish huquqiga ega boʻlishi belgilanmoqda.
Mazkur Qonun qabul qilinishi oilaviy (maishiy) zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyat ishlarini har tomonlama, toʻliq va xolisona koʻrib chiqilishiga, tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning xulqiga koʻrsatiladigan ijobiy taʼsirning kuchi yanada ortishiga, bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikka uchrashini oldini olish choralarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- Eldor Shomurodov “Roma”ning mavsumdagi debyut golini urdi. Italiyaliklar futbolchini “Oʻzbek Messi”si deb atamoqda (+video)
- Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring