Qoʻngʻirotlik bolalar “Lochin”da maroqli hordiq chiqarmoqda

14:28 26 Iyul 2022 Jamiyat
257 0

Foto: Xalq so‘zi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanidan 7-14 yoshgacha boʻlgan 200 nafar oʻquvchi Shahrisabz shahridagi soʻlim va goʻzal “Lochin” bolalar dam olish oromgohida yozgi taʼtilni maroqli oʻtkazmoqda.

Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan imtiyozli dam olayotgan bu bolajonlar uchun oromgohda barcha qulaylik yaratilgan. Ushbu goʻzal maskan Shahrisabz shahridan 30 kilometr uzoqlikda boʻlib, dengiz sathidan ming metr balandlikda joylashgan. 12 metr balandlikdan buloqlarning zilol suvlari oqib turadi. Shu hududda Markaziy Osiyoda eng baland Hazrati Sulton choʻqqisi ham koʻzga tashlanadi.

— Bugun oromgohimizda qardosh qoraqalpoq bolalarining yurakka yaqin shoʻx-shodon kulgilari, kuy-qoʻshiqlari yangramoqda va bu navolar shunchalik tanish, shunchalik qadrdonki, uni soʻz bilan ifodalash qiyin — deydi “Lochin” bolalar dam olish oromgohi bosh tarbiyachisi Istamjon Hasanov. — Qoʻngʻirotlik bolalar bu yerda ular nafaqat tabiatdan zavq-shavq tuyishadi, madaniy dam olishadi, balki sport bilan shugʻullanishadi, turli toʻgaraklarga jalb qilinadi. Hozirgi kunda bizda 16 ta toʻgarak ishlab turibdi va ularga oʻz sohasini puxta bilgan malakali pedagoglar rahbarlik qilmoqda.

“Lochin” bolalar dam olish oromgohi 2004-yilda Gʻuzor tumanidagi “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ tasarrufiga oʻtganidan soʻng qayta rekonstruksiya qilindi, sport inshootlari barpo etildi, yangi toʻgarak va sport seksiyalari ochildi. Oromgohda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da qayd etilgan ota-onalar farzandlari hamda oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari ham imtiyozli dam olmoqda.

 

Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?